Konstitutsiyaviy islohotlar yoshlar nigohida...

Samarqand shahridagi Yoshlar markazida “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Unda Yoshlar ishlari agentligi tizimida faoliyat ko‘rsatayotgan xodimlar ishtirok etdi.
Samarqand davlat universiteti rektori, professor, Oliy Majlis Senati aʼzosi, Rustam Xolmurodov, “Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik” gazetalari birlashgan tahririyati bosh muharriri, Senator Farmon Toshev hamda Samarqand viloyati Adliya boshqarmasining huquqiy targ‘ibot va maʼrifat bo‘limi boshlig‘i Orif Muhammadiyev ishtirok etib, mavzuga oid takliflarni muhokama qildi.
Tadbir videoaloqa shaklida ham davom etib, agentlikning tuman va shaharlardan mahalla yoshlar yetakchilari faol qatnashdi.
Yig‘ilganlarga Konstitutsiyaviy qonun loyihasiga muvofiq, hujjatning muqaddima qismi va 64 ta moddasiga 200 dan ortiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar, 6 ta yangi modda kiritilishi rejalashtirilayotganligi, 2022 yilning 20 iyun kuni Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan ustuvor yo‘nalishlar haqida batafsil maʼlumotlar berildi. Shuningdek, barcha yoshlarni ushbu islohotlarda faol qatnashishi kerakligi taʼkidlandi.
- Konstitutsiya bu qotib qolgan hujjat emas. Aynan Konstitutsiya insonlarning yangidan-yangi xohish-istaklarini ifoda etishi shart va zarurdir, - deydi Rustam Xolmurodov. - Men yangilanayotgan O‘zbekiston Konstitutsiyasi Prezidentimiz taʼriflaganidek haqiqiy xalq Konstitutsiyasi bo‘lishiga ishonaman. Ertaga shunday davrlar keladiki, minnatdor avlodalar konstitutsion islohotlar uchun tashakkur aytadi, minnatdorlik bildiradi…
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati