Radon (radonum), — Mendeleyev davriy sistemasining VIII guruhiga mansub kimyoviy radioaktiv element. U inert gazlar jumlasiga kiradi. Bu izotopni 1899-yilda nemis olimi Radon Dorn kashf kilgan. Hozirgi vaqtda Radonning 20 dan ortiq izotopi ma’lum. Radonning 3 ta izotopi tabiiy 3 radioaktiv katordagi izotoplar jumlasiga kiradi. Ular havoda, suvda va tuproqda uchraydi.

    Gaz holatida ekanligi tufayli radon yer jinslarining g‘ovaklari va yoriqlari bo‘ylab tarqaladi. U yerdan atmosfera, suvga, so‘ngra bino havosiga chiqadi (eksxalatsiyalanadi). Bino havosida radon tushishining asosiy manbalari bino osti tuproqlari, qurilish materiallari hamda konstruksiyalaridan uning ajralishi hisoblanadi.

    Samarqand davlat universiteti fizika fakulteti yadro fizikasi va astronomiya kafedrasi tayanch (PhD) doktoranti Eldor Umrzoqov “O‘zbekistonning qishloq joylarida ommaviy qurilish ob’ektlarining potensial radon xavfini baholash” mavzusida ilmiy tadqiqot ishi olib bormoqda. Olimning bugungi kunga qadar 30 dan ortiq xalqaro va respublika nashriyotlarida maqola hamda tezislari e’lon qilingan. Ilmiy rahbari fizika-matematika fanlari doktori, professor Xolbayev Isobek.

    - Radonning binoga kirishining boshqa manbai tabiiy suv hisoblanadi, - deydi Eldor Umrzoqov. - Binolarda maishiy yoki ishlab chiqarishlarda, ya’ni texnologik suvdan foydalanganda radon undan uchib chiqadi va binodagi havo bilan aralashadi hamda shu tarzda bino havosidagi radon nafas orqali yutilganda umumiy nurlanish xavfiga ulushini qo‘shadi.

    Yillik o‘rtacha effektiv dozani aniqlash uchun unga asosiy ulushni qo‘shuvchi quyidagi radiatsion faktorlar baholanadi:

    Gamma-nurlanishlarning ekvivalent dozasi quvvati

    Bino havosida Rn-222 ning yillik o‘rtacha hajmiy aktivligi

    Tuproq yuzasida radon oqimi zichligi

    Ichimlik suvida radonning hajmiy aktivligi

    Ichimlik suvida solishtirma yig‘indi alfa- va beta-aktivlik

    Turar joylar, jamoat va ishlab chiqarishga mo‘ljallangan yangi ob’ektlarning qurilishida radon bilan bir qatorda tabiiy radionuklidlarning effektiv aktivligi qurilish materiallari, shuningdek, qurilish paytida ko‘chib o‘tilgan tuproqlarni qayta to‘ldirish va hududni obodonlashtirishda ishlatiladigan tuproqlarda kuzatiladi.

    Foydalanilayotgan binolar yashash xonalari havosida radonning yemirilishdan hosil bo‘lgan elementlarning yillik o‘rtacha effektiv radiatsion hajmiy aktivligi 400 Bk/m3 dan oshmasligi lozim. Aktivlikning yuqori qiymatlarida xonaga radonning kirishini kamaytirish va uni shamollashtirishni yaxshilash yo‘nalishidagi himoya tadbirlari o‘tkazilishi kerak.

    Ishlab chiqarishga mo‘ljallangan binolarni qurish uchun tuproq sirtida radon oqimi zichligi 250 mBk/(m2s) dan oshmaydigan hudud tanlanmog‘i lozim. Agar radon oqimi zichligi 250 mBk/(m2s) dan ortiq bo‘lgan holda bino loyihalashtirilayotgan bo‘lsa, unda radondan himoyalanish tizimini joriy etish lozim.

    Ilmiy tadqiqot ishida shu kungacha Respublikaning turli hududlarida qurilayotgan yangi binolar, ishlab chiqarish korxonalari va yangi tabiiy qazilmali konlarning radiatsion monitoringini baholash uchun ekspeditsiyalarda ishtirok etib, olingan natijalar asosida o‘rganilgan joyning monitoringi amalga oshirildi. Bundan tashqari, qurilishi rejalashtirilayotgan Respublikamizdagi birinchi atom elektr stansiyasi (AES)ning quriladigan joyi, ya’ni Jizzax viloyati Forish tumanining hozirgi kundagi radiatsion fon miqdorini monitoring qilishda ishtirok etib kelmoqda. Bu esa kelajakda tabiiy va texnogen radionuklidlarning ta’sirini baholashda katta ahamiyatga ega.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.