Badminton XIX asrning 70 yillarida Angliyada rasm bo’lib, o’yin qoidalari ishlab chiqilgach, Yevropaning boshqa mamlakatlariga ham yoyilgan. 1934-yilda esa Xalqaro Badminton federatsiyasi (IBF) tashkil topgan. Mazkur sport turi O‘zbekistonda o’tgan asrning 50 yillaridan boshlab, rivojlana boshlagan.

    Samarqand davlat universiteti sport faoliyati va san’at fakultetida mazkur sport turi yaxshi taraqqiy etgan bo’lib, ko’plab chempionlar yetishib chiqqanining guvohi bo’lganmiz.

    Samarqand davlat universiteti doktoranti Marat Muhammadiyev «Badmintonchilarni tayyorlashning boshlang‘ich bosqichida koordinatsion qobiliyatlarni rivojlantirish» mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Shuningdek, u O’zbekiston Badminton federatsiyasi Samarqand viloyati bo’limi ijrochi direktori vazifasida ham samarali faoliyat olib bormoqda.

    Badminton sportining tarixiy shakllanishi va bugungi kunda mamlakatimizda uning rivojlanishi haqida ma’lumotlar juda kam. Shuningdek, badmintonchilarda koordinatsion qobiliyatlarni rivojlantirish borasida tadqiqotlarning mavjud emasligi ushbu mavzuning dolzarbligini ko'rsatadi.

    Marat Muhammadiyev mavzu doirasida sport maktablari o'quvchilari o'rtasida anketa-so'rovnomalarini o'tkazib, mazkur sport yoshlarni qay darajada qiziqtirishi yuzasidan dastlabki ma’lumotlarni qo’lga kiritgan. Unga ko’ra, yoshlarning ko’pchiligi badminton sport turiga qiziqishi yuqori ekanligini bildirgan.

    - Badminton sportchidan faqatgina harakatni emas, balki mantiqiy fikrlashni, vaziyatni oldindan ko’ra bilishni ham talab qiladi, - deydi Marat Muhammadiyev. - Shuning uchun, biz yoshlarni tayyorlashda ko’proq ularning sezgirligi, mantiqiy xulosa qilish qobiliyatlarini rivojlantirishga harakat qilamiz. Shuningdek, yoshlar bilan ko’proq chaqqonlik,  egiluvchanlikni yaxshilash ko’nikmalari ustida ko’proq shug’ullanamiz. Bu sport nafaqat professionallar uchun, balki havaskorlar uchun ham juda foydali. Xususan u ko’rish qobiliyatining yaxshilanishiga juda katta yordam beradi, jismoniy tetiklini ta’minlaydi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.