O‘zbekistonda yagona bo‘lgan Oq ayiq eksponati haqida bilasizmi? U qayerda saqlanmoqda?

Oq ayiq tabiatda kam uchraydigan noyob jonzot. 1956-yildan ovlash man qilingan. 1976-yildan boshlab Xalqaro Qizil kitobga kiritilgan. Gavdasining uzunligi 2-3, balandligi 1,5 metr, vazni 800 kg.gacha bo‘ladi. Yungi oq, baʼzan limon yoki kulrang tusda bo‘lib, suzuvchi muzliklar va Shimoliy Muz okeani sohillari yaqinida yashaydi. Past haroratga yaxshi moslashgan, gavdasi massasining 40 % ini yogʻ tashkil etadi.
Samarqand davlat universiteti zoologiya muzeyida Oq ayiq eksponati saqlanadi. Ushbu eksponat Ikkinchi jahon urushi sabab 1941-1942-yillarda Moskva davlat universitetidan olib kelingan. Oq ayiq dastlab, Moskva zooparkida yashagan. Uning uzunligi 3 metr, balandligi esa 1.5 metr atrofida, og‘irligi esa taxminan 600-700 kg. bo‘lgan. 1934-yilda esa shu zooparkda noma’lum sabablarga ko‘ra nobud bo‘lgan. SamDU zoologiya muzeyi mas’ul xodimi Bahodir Muhammadiyevning aytishicha, bundan 15-20 yil ilgari Toshkent zooparkida Oq ayiq yashagan, u o‘lgandan keyin terisidan eksponat qilinmagan. SamDU zoologiya muzeyidagi Oq ayiq eksponati O‘zbekistonda yagona, balki O‘rta Osiyoda ham yagona bo‘lishi mumkin. Hozirda bu eksponat bu yerdagi eng qimmat va noyob eksponatlardan biri hisoblanadi.
Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat AKRAMOV olgan surat