Pomidorni zararkunandalardan himoyalash…

Jahonda pomidor oziq-ovqat mahsuloti sifatida dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlarida yetishtiriladi. Pomidor inson oziq-ovqat ratsionida muhim oʻrin tutadigan mahsulotdir. Ayniqsa, issiq yoz kunlari dasturxonimizdan pomidor uzilmaydi. Respublikamizning barcha viloyat, tumanlarida fermer xoʻjaliklar va aholining shaxsiy tomorqalarida pomidor keng miqyosda yetishtiriladi. Shu sababli uni zararkunandalardan himoyalash, hosildorligini oshirish bo‘yicha kerakli tavsiyalar va olingan ilmiy tahlil natijalari barcha uchun qiziq va foydali bo‘lishi tabiiy.
Bugungi kunda bir necha turdagi zararkunandalar issiqxona sharoitida pomidor ekinini zararlamoqda. Bu aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash mezonlariga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, zararkunandalar sabab hosil miqdorini kamayishi holatlari ham kuzatiladi. Zararkunandalar va ular keltirib chiqaradigan kasalliklarning taʼsirida umumiy hosilning 10% dan 90% gacha qismi yoʻqotilishi mumkin. Aholini bu mahsulotlar bilan yil davomida uzluksiz taʼminlash uchun ularning hosilini kasallik va zararkunandalardan samarali himoya qilishning usul va vositalarini izlab topish muhim ahamiyat kasb etadi.
Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiya va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti magistri Go‘zal Saloyeva “Issiqxona sharoitida pomidorning zararkunandalarini kimyoviy usulda boshqarish” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Ilmiy rahbari agrokimyo va o‘simliklarni himoya qilish kafedrasi professori Elmurod Umrzoqov.
– Tadqiqotimning maqsadi issiqxona sharoitida pomidorga zarar yetkazuvchi zararkunandalar va ularga qarshi kimyoviy usullarni tadqiq qilish, zararkunandalar majmuiga qarshi sinalgan zamonaviy va samarali pestitsidlar samaradorligini aniqlash hamda amaliyotga tadbiq etish hisoblanadi, - deydi Go‘zal Saloyeva, - Bunday zararkunandalarga pomidor zang kanasi, oʻrgimchakkana, issiqxona oqqanoti, issiqxona tripsi va oʻsimlik shiralari, kuzgi tunlam, gʻoʻza tunlami, karadrina, gʻovak hosil qiluvchi pashshalar, nematodalar va boshqa turli sistematik oilalarga mansub boʻlgan zararkunandalar kiradi. Pomidor palaklarining kuchli zararlanishi natijasida oʻsimlik hosildorligi 40-50% gacha, ayrim issiqxonalarda esa, hatto 50-60% gacha nobud boʻlmoqda. Shuning uchun bularning biologik rivojlanish xususiyatlarini va zararini oʻrganib, umumiy issiqxona zararkunandalariga qarshi olib boriladigan kurash choralarini ilmiy asoslab, iqtisodiy tejamkor va atrof-muhitga kam zaharli usul va vositalar majmuini yaratish talab etiladi. Shu bilan birgalikda zararkunandalar majmuiga qarshi sinalgan zamonaviy va samarali pestitsidlar samaradorligini aniqlash hamda amaliyotga joriy etish, ijobiy natijalar koʻrsatayotgan kimyoviy vositalarning biologik va iqtisodiy samaradorligiga baho berish maqsadga muvofiqdir.
Respublikamiz issiqxonalarida yetishtiriladigan ekinlarni zararkunandalardan himoya qilish uchun ularning paydo boʻlish vaqtini oldindan bilish hamda ekologik xavfsiz usullarni yaratish muhim va dolzarb masalalardan biri boʻlib hisoblanadi. Oʻsimliklarni himoya qilishda qoʻllanilayotgan istiqbolli kimyoviy vositalar va ularning zararkunandalarga taʼsiri keng qamrovda o‘rganilishi zarur bo‘lgan sohadir.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.