Ota-ona rizoligini olish buyuk baxtdir

Ota-ona farzand uchun bamisoli bir dengiz, bir xazina, bir noyob gavhar-u durdir. Shu boisdan ham ular farzandlar uchun aziz va muqaddas, mo’tabar. Farzandni dunyoga keltirguvchi ham shu kundan boshlab to voyaga yetkazguvchi ham ular. Ana shu oraliq vaqtdagi qanchadan qancha bedor tunlar, mashaqqatlar ota-ona uchun beminnat xizmatlar hisoblanadi. Farzandi kamoli uchun har qanday azob-anduhlarga bardosh beruvchi ham ular. Eng muhimi shundaki, ular bu xizmatlari evaziga hech narsa ta’ma qilmaydi, bu xizmatlarini burch deb biladi.
Ota-ona haqqi ulug’dir. Axloqiy kitoblarda bu to’g’risida jud ko’p hikmatli so’zlar keltirilgan. Muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimda shunday yozilgan: “Parvardigorimiz muqarrar qildilarkim, ota-onani qadrlanglar, yaxshilik qilinglar. Tirik ekansan, ularning ikkoviga ham ozor berma, yomonlik qilma, qattiq so’zlama. Ularni izzat ikrom qil”.
Zero, ota-ona o’z jigargo’shalarini aziz biladilar va yurakdan yaxshi ko’radilar. Farzandlarining oyog’iga tikon kirsa, ularning butun vujudi zirqiraydi. Buyuk olim, shoir va yozuvchi Mavlono Faxriddin Ali Safiy o’zining “Latoif-ut - tavoif” kitobida bir hikoyat keltiradi: “Aytadilarkim, ota va o’g’ilni kaltaklash uchun hokim oldiga bordilar. Avval otani yuz qamchi urdilar, aqallan bir marta “oh” demadi. So’ng o’g’lini yotqizib bir qamchin urgandan, ota nola-yu tavalloga tushdi.
Hokim dedi: “Yuz qamchi yeding-u g’ing demading, o’g’lingning bir qamchi yeyishiga bu nola-yu faryod nima?”
Ota javob berdi: “U qamchilar mening tanamga tegardi, toqat qilardim, biroq bunisi mening jigarimga tegyapti, qanday chiday?”
Bunday misollarni juda ko’plab keltirish mumkin. Ota-ona va farzandlar o’rtasidagi ana shunday mehr-muhabbat zamiriga qurilgan munosabat olijanoblik, insonparvarlik xislatlarini shakllantiradi. Hakim Abulqosim Firdavsiy shunday deganlar:
- Har bir farzand o’zining farzandlik burchini bajara olishi lozim. Shunda u insoniy fazilatlar va insonparvarlik ruhi bilan shakllanishi muqarrar. Insonparvarlik esa insonni ulug’lash, qadr-qimmatini anglash, milliy urf-odatlar, qadriyatlarni tushinish bilan belgilanadi.
Inson kamoloti bolalikda, oilada olgan tarbiyasiga bog’liq ekanligi isbot talab etadigan narsa emas. “Qush uyasida ko’rganini qiladi”, degan naql ham bekorga paydo bo’lmagan. Odamzodga xos bo’lgan barcha insoniy fazilatlar avval oilada, keyin jamoada kamol topadi. Oila murakkab hayot maktabi sanaladi va ota-onalarimiz o’g’il-qizlarini kelgusi hayotga ana shu maktabda tayyorlaydilar.
Kibriyo Hasanova,
Samarqand davlat universiteti
fakultetlararo pedagogika kafedrasi mudiri, professor.