Takroriy ekin nima? Qishloq xo‘jaligida uning qanday ahamiyati bor?

Takroriy ekinlar daladagi asosiy ekin hosili oʻrib, yigʻib olinganidan keyin oʻrniga ikkinchi marta ekiladigan ekinlar hisoblanadi. Ekilgan yilining oʻzidayoq hosil beradi. Yerdan unumliroq foydalanishga va maydon birligidan koʻproq miqdorda qishloq xoʻjaligi mahsuloti olishga imkon beradi. Kuzi iliq, uzoq davom etadigan sernam hududlarda va sug‘orma dehqonchilik mintaqalarida qoʻllaniladi. Oʻzbekistonda kuzgi arpa oʻrib olinganidan keyin takroriy ekin sifatida, asosan, makkajoʻxori, joʻxori, noʻxat, mosh ekiladi.
Samarqand davlat universiteti o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiyasi kafedrasida takroriy ekin sifatida ekiladigan bu kabi o‘simliklarni o‘rganish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 1-bosqich magistri Gulnoza Ortiqova takroriy ekin sifatida grechixa (xalq tilida grechka) ekish va uning bioekologik xususiyatlari bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib boradi. Ilmiy rahbari o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiyasi kafedrasi dotsenti Zuhra Jo‘rayeva.
- Bugungi kunda aholi sonining keskin ortishi sababli oziq ovqatga bo’lgan talab kun sayin ortib bormoqda, - deydi Gulnoza Ortiqova. - Bu esa o‘z o‘rnida ozuqaviy ekinlarni yetishtirish aholini to‘yimli va sifatli ozuqa bilan ta’minlashga qaratilgan ilmiy tadqiqotlarning muuhimligini ko‘rsatadi. Mening tadqiqotim yurtimizda takroriy ekin sifatida marjumak ya’ni grechixa o‘simligini ekishni joriy qilish, samaradorlik va hosildorlik ko‘rsatkichlarini aniqlashga qaratilgan. Mamlakatimiz donli ekinlarga ajratilgan maydonlar jumlasidan bug‘doy keng ko‘lamda ekiladi. Bug‘doy yig‘ishtirib olingandan so‘ng ekin maydonlari bo‘shab qoladi. Grechixani bug‘doy dalalaridan bo‘shagan yerlarga ikkilamchi takroriy ekin sifatida bemalol ekib yetishtirish mumkin.
Hozirgi kunda jahon miqyosida sifatli va makromikroelementlarga boy bo‘lgan bug‘doy, guruch, marjumak yormalaridan tayyorlanadigan mahsulotlar, ayniqsa bolalar uchun maxsus ozuqalar keng ko‘lamda savdo rastalarida o‘z o‘rnini topmoqda. Donli ekinlar shular jumlasidan tariq, sholi, bug‘doy, marjumak kabi o‘simliklarning tarkibida uchrovchi moddalar inson salomatligi uchun benihoya katta ahamiyatga ega ekanligi hech kimga sir emas. Bu kabi tadqiqotlarning ilmiy va amaliy ahamiyati ham shunda ko‘rinadi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.