Turk adabiyotining yetuk namoyandasi, shoir, yozuvchi, “Temrin” va “Acemi” jurnallari bosh muharriri, Samarqand davlat universitetining magistri, Sharif Yilmaz “Qalb va qalam” loyihasining navbatdagi mehmoni

    - Siz uchun adabiyot nima?

    - Insoniyat tarixiy taraqqiyoti davomida adabiyotga nisbatan qarashlar asrdan-asrga o‘zgarib keldi. Muayyan davrlarda u odob-axloqning asosiy qismi sifatida qaralsa, boshqa zamonlarda psixologik holat sifatida qabul qilingan. Hozirgi zamonda adabiyot san’atning bir tarmog‘idir. Islom olamida yoki turk dunyosida she’riyat va musiqa qadim zamonlardan beri odamlarni qiziqtirib, atrofida birlashtirib kelgan.  Vaholanki, bugungi kunda ham adabiyot va musiqa o‘ziga xos san’atdir. Men adabiyotni ilhom vositasida odamlarga mehr va muruvvat ulashadigan san’atning bir tarmog‘i, deb bilaman.

    - Siz uchun qaysi mavzuda yozish qiyin?

    - Men adabiyotga she’riyat bilan qadam qo‘ydim, keyinchalik hikoyalar yozishda ham o‘zimni sinab ko‘rdim. Hali roman yozganimcha yo‘q. She’riyatga endi kirib kelgan yillarim ko‘p va xo‘p ijod qildim. She’rga bo‘lgan hurmatim, she’riyat bo‘yicha tushuncha va bilimlarim ortgan sari men uchun she’r yozish qiyin bo‘lib boraverdi. She’r yaralish jarayonida faqat qalam emas, balki qalb mehnat qiladi, qalam qog‘ozga to‘kayotgan dard va tug‘yonlar avvalo, qalbda inikosini topadi. Shoir qalbi she’r yozayotganda qiynaladi.

    - Samarqand davlat universitetida 1992-1995-yillarda ishlagansiz. Universitetimiz haqidagi xotiralaringiz bilan o‘rtoqlashsangiz?

    - O‘zbekiston ilk bor mustaqillikka erishgan davrlarda Samarqandga borganman. Samarqand davlat universiteti o‘sha paytda Alisher Navoiy nomi bilan atalardi.  O‘zbekistondagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlaridan biri edi. Bugun ham Samarqand davlat universitetini butun turk dunyosi biladi va e’tirof etadi. Men Selchuk universitetining til va adabiyot fakultetini tugatib, qardosh xalqlar yurtlaridagi universitetlarda ilmiy tadqiqotimni davom ettirish niyatida yurgandim. Samarqand eng nufuzli, dunyo tan olgan shahar bo‘lgani uchun magistraturani SamDU da o‘qishga qaror qilib, Samarqandga keldim. U yerda tanishgan ilk odamim filologiya fanlari doktori, professor Jo‘liboy Eltazarov bo‘ldi. U kishi o‘sha paytda Samarqand davlat universiteti o‘zbek tilshunosligi kafedrasida faoliyat ko‘rsatar edi. Jo‘liboy Eltazarov meni o‘zbek tilshunosligining darg‘alaridan  biri filologiya fanlari doktori professor, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rahmatulla Qo‘ng‘urov bilan tanishtirdi.

    Rahmatulla Qo‘ng‘urov universitetda yangi “Turk tili” kursini tashkil qilayotgani, shu kursda dars berishga kishi qidirayotganligini aytib, meni ishga taklif qildi. Shu tariqa SamDUda ish boshladim. Keyin Qo‘ng‘urov domla “O‘zbek tilida egalik va kelishik qo‘shimchalari” nomli  dissertatsiya mavzusini berdi. Shu lahzani hech qachon unutmayman: bo‘limda Eltazarov, men va Qo‘ng‘urov  o‘tiribmiz. Domla dissertatsiya mavzusini bergach,  Jo‘liboy og‘aga qarab: “Bu turk yigiti rus va o‘zbek tillarini bilmaydi, dissertasiya mavzusi bo‘yicha adabiyotlar sharhida yordam berasiz”, dedi va menga qarab: “Dissertatsiyani tugatsangiz, Turkiyada turkcha himoya qilasiz” dedi. Domlaga  dissertatsiyani tugatgunimcha o‘zbek tilini o‘rganib, o‘zbekchada himoya qilishga va’da berdim. Domla ham hayrat, ham xursandchilik bilan qarorimni ma’qulladi. Rahmatulla Qo‘ng‘urovdan  ko‘p  o‘rgandim. Men hali hanuz bu insondan minnatdorman, menga ko‘rsatgan beminnat yordamlarini hech qachon unutmayman. Domla ilmparvar inson, o‘zbek xalqining haqiqiy olimi edi.

    O‘zbekistonda bo‘lganimda Navro‘z bayrami menda juda katta taassurot qoldirgan. U yerda yegan sumalakning ta’mi hali hamon og‘zimda. Shuningdek, o‘zbeklarda somsa degan xamirli taom ham bor. U turklarning “simit” degan ovqatiga o‘xshab ketadi. Qolaversa, o‘zbeklar “osh” deb ataydigan o‘zbek palovini ham O‘zbekistonda birinchi marta ta’tib ko‘rdim. Turkiyada sevib iste’mol qilinadi, lekin bizda u faqat guruchdan tayyorlanadi. Ba’zan no‘xat qo‘shiladi. O‘zbek palovi yonida turk palovi mazali bo‘lmay qoladi.

    Bir narsani unutmayman, paxta mavsumi edi. U paytlar talabalar paxta terimiga chiqardi.  Hech kim majburlamasa ham qiziqib paxtaga chiqdim. Meni o‘zbek qishloqlari juda qiziqtirardi. Paxta mavsumida o‘zbek qishloqlarida bo‘lib, odamlarni kuzatdim. To‘g‘ri, turmush sharoitini qoniqarli deb bo‘lmasdi, ammo matonatli o‘zbek xalqining ko‘zida yongan umid, shu oddiy narsalardan ham baxt topib, yashayotgan shod qiyofasi menda juda katta taassurot qoldirdi.

    O‘zbek adabiyotidan qaysi yozuvchi va shoirlarni bilasiz? Hozirgi o‘zbek adabiyoti namunalari bilan qiziqib ko‘rganmisiz?

    O‘zbekistondaligimda badiiy adabiyot bilan unchalik ko‘p qiziqmaganman. Ilmiy izlanishlarim bunga vaqt va imkon bermasdi. Juda band edim. Ilmiy tadqiqot bilan birgalikda o‘zbek talabalari va professor-o‘qituvchilariga turk tilidan dars berish ham zimmamda edi. Shunga qaramay, vaqt topganda o‘zbek shoirlaridan Erkin Vohidov, Abdulla Oripov, Rauf Parfi ijodini kuzatib borardim. Safarlarimdan birida shaxsan Erkin Vohidovning suhbatida bo‘lganman. Shoirning “O‘zbegim” she’rini juda yaxshi ko‘raman. Abdulla Oripov bilan ham O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida uchrashganmiz. O‘sha paytda shoira Zulfiya hali hayot edi. Shoiraning otashin she’rlarini o‘qib, u bilan ko‘rishmoqchi bo‘ldim. Farzandlari bilan bog‘lanib ko‘rganimda Zulfiyaning betobligini aytishdi. “Ozgina kutsangiz, yozning oxirlarigacha tuzalib qolsa, keyin ko‘rishsangiz bo‘ladi”, deyishdi. Afsus, taqdir ekan uchrashish nasib qilmadi…

    O‘zbek fantastik adabiyoti namoyandasi Tohir Malik bilan Turkiyaga qaytganimdan so‘ng tanishganman. Adibni Yozuvchilar uyushmasi raisi va bir guruh yosh ijodkorlar safida Istanbulda tashkil qilingan tadbirda uchratib qoldim. Tohir Malik “Turk dunyosiga xizmat” mukofotini olish uchun kelgan ekan.

    O‘zbek adabiyotidan yana Odil Yoqubovni bilaman. Uning bir qancha kitoblari bizga ham yetib kelgan. Adibning “Adolat manzili” romanining turk tilidagi tarjimasini o‘qib chiqqanman. Abdulla Qodiriyning “O‘tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon” asarlari o‘zbek tilidagi nashrlarini shaxsiy kutubxonamda saqlayman. Ammo turk o‘quvchilari bu nomlarni, bu asarlarni eshitgan bo‘lsa ham ko‘pchiligi yaqindan bilmaydi. Xullas, ikki davlatning yaqinlashuvi avvalo til bilan, tillar yaqinlashishi esa adabiyot vositasida amalga oshadi. O‘zbek adabiyotida qalami o‘tkir yozuvchilar bisyor. Men taniganlarim dengizdan bir tomchi xolos.

    - O‘zbek va turk tillarining yaqinligi sababi – bu ikki tilning ham bir ildiz, bir oilaga mansubligi bilan bog‘liq. Shu nuqtai nazardan, o‘zbek va turk tillari ohangida qanday uyg‘unlik ko‘rasiz?

    -Ma’lumki, o‘zbek va turk tillari turkiy tillar shajarasiga mansub. Turkiya turkchasi o‘g‘uz shoxchasiga mansub bo‘lsa, o‘zbek turkchasi qipchoq shoxiga oid. Turkistonning xonliklarga bo‘linishigacha bu ikkala til 90 foiz o‘xshash bo‘lgan. Usmonlilar imperiyasining so‘nggi davrida Istanbulda nashr etilgan gazetani Toshkentdagi ziyolilar bemalol o‘qib tushunishgan. Buning sababi tildagi arab va fors so‘zlarining umumiy bo‘lganligi edi. Sho‘ro davrida o‘zbek tiliga ruscha so‘zlar, turk tiliga g‘arb tillaridan bir qancha so‘zlar kirib keldi. Buning natijasida tillar orasidagi tafovut birmuncha kengaydi. Bugungi kunda bu bo‘shliqni bartaraf etishning eng samarali yo‘li xalqlar o‘rtasida adabiy-ijodiy aloqalarni yo‘lga qo‘yishdir. Bu siyosiy hamkorlikdan ham ko‘ra samarali. Xalqlarimiz birodarligi mustahkam bo‘lsa, siyosat bobida ham hamkorlik o‘rnatiladi. O‘zbek va turk tillari fonetik jihatdan uyg‘un hisoblanadi. Tovushlar uyg‘unligi, ilmiy til bilan aytganda singarmonizm o‘zbek tilida saqlanib qolmagan bo‘lsa-da, bizda yaxshi saqlangan. Ko‘p hollarda ikki xalq vakillari bir-birini tarjimonsiz ham tushunishadi.

    - O‘zbek-turk adabiy aloqalari hozirda qanday darajada?

    -O‘zbekiston mustaqillikka erishgan dastlabki yillarda ikki xalq o‘rtasida aloqa juda sust bo‘lgan. Albatta, buning asosli sabablari bor edi. Chunki, ikki mamlakat bir-birini yaxshi tanimasdi. Biroq endi o‘zbek-turk aloqalarida hech qanday muammo va to‘siq yo‘q. Biz birodarlarmiz. Har qanday vaziyatda bir-birimizni qo‘llab-quvvatlaymiz.  O‘zbeklarning ajdodlari bizning ham ajdodlarimiz.

    - O‘zbek-turk adabiy aloqalari hozirda qanday darajada? “Ferfir” nashriyotida bu borada qanday ishlar amalga oshirilgan? Umuman nashriyot faoliyati va yo‘nalishlari haqida ma’lumot bersangiz.

    - Nashriyot faqat foyda uchun nashr qilish bilan shug‘ullanmaydi. Maqsadimiz turk dunyosining buyuk yozuvchi va shoirlarini jahonga olib chiqish, yangi yozuvchi va shoirlarni yuzaga chiqarishdir. Shu maqsadda ikkita adabiy jurnal ta’sis etganmiz. “Acyemi” nomli adabiy jurnal yangi iste’dodlarni ochib berishga mo‘ljallangan. Bu so‘z o‘zbekchada “g‘ayratli” degan ma’noni anglatadi. Ikkinchi jurnal – “Temrin”. Unda tadqiqotchi, magistr va akademiklarning maqolalarini nashr etamiz.

    So‘nggi yillarda “Ferfir” nashriyotida o‘zbek adabiyotidan Abdulla Qodiriy va Cho‘lponning maxsus saylanmalarini nashrga tayyorladik.

    - SamDUda asosan zamonaviy turk tili va uni o‘qitish usullari  yo‘nalishida faoliyat olib borgan ekansiz. Bugungi davrda o‘zbeklarning turkchani o‘rganishi darajasini o‘sha davr bilan solishtirsak, qanday o‘zgarishlar bor?

    - Men turk tilidan dars berish jarayonida o‘zbek talabalarining turkchani o‘rganishga bo‘lgan qiziqishlarini ko‘rib, juda hayratlanganman. To‘g‘ri, avvaliga ularda o‘zlari uchun begona chet tilini o‘rganishga nisbatan hadik ko‘rdim. Ammo tez orada bu hadik o‘rnini qiziqish va ishtiyoq egalladi. Bugungi kunda Turkiyada O‘zbekistondan kelib yashayotganlar juda ko‘p. Ular turkchani hech qanday qiyinchiliksiz, tez fursatda o‘rganib olishadi. Avval, ham aytganimdek, o‘zbek va turk tillari bir ildizdan unib chiqqan. Fonetik jihatdan bir-birga juda yaqin. Shuning uchun ham uni o‘rganish boshqa chet tillariga nisbatan oson.

    - Turk adabiyoti deganda o‘zbek kitobxonlari ko‘z oldiga Rashod Nuri Guntekin, Aziz Nesin, Yashar Kamol, O‘rxan Pamuq kabi ijodkorlar keladi. O‘zbek adabiyoti deganda turk kitobxonlari kimlarni ko‘z oldiga keltira oladi?

    - Adabiyot ikki davlat munosabatlaridagi eng mustahkam aloqadir. O‘zbeklar turkiy adabiyotni sho‘rolar davridan bilishgan. Masalan, Nozim Hikmat, Aziz Nesin, Rajod Nuri Guntekin, Yashar Kamol va O‘rxon Kamol va hokazo. Tarix haqiqati shuni ko‘rsatadiki, sho‘rolar buyuk yozuvchi va shoirlarimiz orasidan faqat kommunistik fikrlovchilarni O‘zbekistonga olib kirgan. Vaholanki, turk adabiyotida Peyami Safo, Toriq Bug‘ra, Ahmed Hamdi Tanpinar kabi buyuk yozuvchilar ham bor.

    Achchiq haqiqat bo‘lsa ham aytaman, turk o‘quvchilari o‘zbek adabiyoti namoyondalarini unchalik bilishmaydi. Sababi, tarjima asarlar ko‘p nashr qilinmagan. Bu borada O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Madaniyat vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar o‘zbek mumtoz  asarlarini Turkiyada nashr etish bo‘yicha salmoqli ishlar olib borishi kerak. Masalan, Ozarbayjon Yozuvchilar uyushmasi bu borada juda faol. Ular “Temrin” jurnali va Ferfir nashrlari bilan hamkorlikda juda ko‘plab kitob va bosma materiallar nashr qilishmoqda.

    - Bugun O‘zbekistonda zamonaviy turk adabiyotidan Elif  Shafaq, Amina Shenliko‘g‘lu kabi yozuvchilar asarlari ko‘p o‘qiladi. Bu ijodkorlar haqida nima deya olasiz? Ular Turkiyada ham shunday e’tibordami?

    - Elif Shafaq mashhur yozuvchi. U postmodern uslubda yozadi. Ammo turk adabiyotida undan kuchliroq nomlar ham bor. Amina Shenliko‘g‘lu, Shule Yuksal Shenler, Ahmed Gunbay Yildiz kabi yozuvchilar ko‘proq din va adabiyot uyg‘unligida ijod qiladi. Ularning maqsadi adabiy roman yaratish emas, balki diniy asar yaratish sifatida namoyon bo‘lmoqda. Bu asarlar kuchli asar bo‘lolmaydi. Turk adabiyoti bunday adabiyotni ustun sifatida ko‘rmaydi.

    - Kelgusidagi rejalaringiz?

    - Kelgusida “Temrin” jurnalida yosh iste’dod egalarini kashf etishda davom etib, yozarmanlar uchun yangi loyihalar, yangidan-yangi kitob nashrlari taqdim etish niyatidamiz. “Temrin” jurnali bugungi kunda turk dunyosining faxriga aylangan. Uning bu maqomini saqlab qolish va yanada yuksaltirish harakatidamiz. Bu boradagi ishlarimiz davom etmoqda. Kelajakda Turk dunyosidagi yosh iste’dod egalari uchun mukofot ta’sis etish rejamiz ham bor.

    - An’anaviy savol: Har bir hududning o‘ziga xos adabiy va ilmiy muhiti bo‘ladi. Siz Samarqand adabiy muhiti, ilm olami fidoyilari haqida nimalar deya olasiz?

    - Samarqand jahon tarixi va madaniyatida muhim o‘ringa ega bo‘lgan tarixiy shahardir. Samarqand meni ikkinchi ona shahrim. Samarqandda umrimning eng go‘zal damlari o‘tdi. Katta-katta olimlar, fan arboblari, ilm va adabiyot ahllari bilan tanishdim. O‘zbekistondaligimda respublikaning deyarli barcha shaharlarida bo‘ldim,  lekin hech bir shahar Samarqandday bo‘lmadi. Amir Temur Samarqandni bejizga poytaxt qilib tanlamagan. Samarqandning havosi, tuprog‘i, suvi boshqacha. Samarqand nonini O‘zbekistonning boshqa biror shahridan topib bo‘lmaydi. Mustaqillikning ilk yillarida Samarqand adabiy-ilmiy muhitida Samarqand davlat universitetida olib borilgan tadqiqotlar, akademiklar yozgan asarlar, ularning ilmiy-tadqiqiy faoliyati muhim rol o‘ynaydi.  

Suhbatdosh Iroda BEKMURODOVA

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi