Zol-gel texnologiyasi asosida gazni aniqlovchi sensor yaratish ustida ilmiy tadqiqot olib borilmoqda…

Bugungi kunda butun dunyoda, kuzatiladigan eng xavfli baxtsiz hodisalardan biri metanning portlashidir. Odatda metanning portlashi uning havodagi konsentratsiyasini 5 foizdan 16 foizgacha bo‘lgan oralig‘ida kuzatiladi. Respublikamizda gaz qazib olish va uning iste’molini oshishi bilan atmosfera havosi tarkibidan metanni aniqlovchi uskunalar va sensorlar yaratish dolzarb muammoga aylanib bormoqda.
Samarqand davlat universiteti kimyo fakulteti magistri Yo‘ldosh Erdanov zol-gel texnologiyasi asosida gazni aniqlovchi sensor yaratish ustida tadqiqot olib bormoqda.
- Sanoati rivojlangan mamlakatlarda kimyoviy gaz sensorlar yaratish sohasidagi tadqiqotlarning tahlili termokatalitik va yarimo‘tkazgichli sensorlardan foydalanish tabiiy gazni ekspress aniqlash hisobiga portlash xavfining oldini olishda eng ishonchli va qulay vosita ekanligini ko‘rsatdi, - deydi SamDU magistri Yo’ldosh Erdanov. – Shu asosdan kelib chiqqan holda, biz rux (Zn) va kobalt (Co) oksidlari asosida yupqa gaz sezgir-plyonka olish sxemasini yaratdik. Eritmaning barqarorligi va gidrolizlanuvchi komponentlari tarkibiga kiruvchi dopantlarning eruvchanligini hisobga olgan holda, rux va kobalt oksidlari asosida gaz sezgir plyonkalar sintezida erituvchi sifatida etanoldan foydalanishni taklif etdik. Ushbu konsentratsiyaning keng oralig‘ida plyonka hosil qiluvchi eritmaning komponentlari tarkibi va nisbatining zolni yetilish jarayoniga ta’sirini o‘rgandik.
Tarkibi -TEOS:H2O:etanol:HCl: =1:20:30:0,1 ga mos keluvchi eritmaning barqarorligi eng yuqori bo‘lishi aniqladik.
Natijada Zol-gel texnologiyasi asosida gaz sezgir materiallarini oldik hamda ulardan CH4 ni aniqlovchi selektiv sensorlar yaratdik. Tayyorlangan sensorlar tezkor va yuqori sezgir bo‘lib, atmosferadagi CH4ning yuqori konsentratsiyalarini aniqlashda qo‘llanilishi mumkin.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.