SamDU va Seget universiteti (Vengriya) hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yildi…

Samarqand davlat universitetiga Seget universiteti Ekologiya va botanika institutining (Vengriya) professor-o'qituvchilari tashrif buyurdi. Mehmonlarni SamDU xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori Akmal Axatov kutib oldi.
Bundan asosiy maqsad, qurg‘oqchil mintaqa o‘simliklar qoplamini qayta tiklash va tuproq, urug‘ mahsuldorligini baholashda ilmiy-tadqiqotlar olib borishni yo‘lga qo‘yishdir.
Shuningdek, Vengriyaning Stipendium Hungaricum stipendiya dasturi doirasida SamDU talabalarini magistratura va doktorantura yo‘nalishlariga jalb qilish va ularga rahbarlik qilish ham belgilangan.
- Vengriyaning Seget universiteti agrar soha bo‘yicha yuqori nufuzga ega bo‘lgan oliy ta’lim muassasalaridan biri sanaladi, - deydi SamDU agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi fakulteti dekani, dotsent Toshpo’lot Rajabov. - Ikkala universitet mutaxassislari tabiiy o‘simliklar qoplamini o‘rganish va ularni qayta tiklash yo‘nalishida xalqaro ilmiy-tadqiqot loyihalarni hamkorlikda ishlab chiqish va uni amalga oshirishni rejalashtirgan. Hamkorlik doirasida agrar ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha ham Seget universiteti olimlari rahbarligida kadrlar tayyorlash ham maqsad qilingan. Qolaversa, Vengriya universitetlarida magistratura va doktoranturada tahsil olish istagida bo‘lgan talabalar bilan ham uchrashuvlar o‘tkazib, ularga zarur maslahat va tavsiyalar berishni rejalashtirgan.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.