Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimovning bolalarda onkogematologik kasalliklarning profilaktikasi, kelib chiqish sabablari, oqibatlari hamda ularni davolash bo‘yicha yaratilayotgan imkoniyatlar bo‘yicha aholiga murojaati

Aziz yurtdoshlar!
Keyingi yillarda dunyo bo‘ylab onkologik xastaliklarning ko‘payib borayotgani ushbu soha rivojiga jiddiy eʼtibor qaratishni taqozo etmoqda. Jahonda har yili 16 million onkologik bemor aniqlanadi.
Onkologik kasalliklar butun dunyoda bo‘lgani kabi yurtimizda ham afsuski, ko‘payib bormoqda. Bugun viloyatimizda gematologik, onkologik va irsiy immunologik kasalliklarga chalingan bemorlarning elektron ro‘yxatini yuritish tizimi joriy etilgan bo‘lib, 627 nafar bolalar onkologik va 68 nafar bolalar onkogematologik kasalliklar bilan aziyat chekmoqda.
Olimlarning fikricha, onkogematologik kasalliklar genetik o‘zgarishlar tufayli paydo bo‘ladi. Ayrim olimlar onkogematologik kasalliklarning paydo bo‘lishini atrof-muhit, ekologiyaning buzilishi yoki turmush tarzi bilan bog‘lashadi.
Onkogematologik kasalliklarni davolashning asosiy usullari - bu poliximioterapiya va radioterapiya bo‘lib, uni davolashda suyak ko‘migi transplantatsiyasi kabi yuqori-texnologik jarayon qo‘llanilmoqda.
Bolalarda onkogematologik kasalliklar nogironlikni belgilovchi omillardan biri hisoblanib, kasallikning og‘irligi va davomiyligi tufayli jamiyatning murakkab tibbiy, tibbiy-psixologik, tibbiy-ijtimoiy va iqtisodiy muammolarga olib keladi.
Viloyatimizda aholiga ko‘rsatilayotgan onkogematologik yordamni yana-da takomillashtirish maqsadida joriy yilda viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida onkogematologik bemorlarni davolash uchun 20 o‘rinli gematologiya bo‘limi mahalliy byudjetdan ajratilgan 123 million so‘m mablag‘ hisobidan rekonstruksiya qilindi. Onkogematologik kasalliklar diagnostikasi uchun maxsus laboratoriya tashkil qilinib, zamonaviy binokulyar kompyuterli mikroskop bilan taʼminlandi.
Viloyatda 41 nafar talassemiya bilan kasallangan bemorlar dispanser nazoratiga olingan. Ushbu bemorlarni davolash uchun suyak ko‘migi ko‘chirish operatsiyasi talab etiladi. Bugungi kunda talassemiyaga chalingan 5 nafar bemor suyak ko‘migi ko‘chirish operatsiyasini o‘tkazish uchun hujjatlari tayyorlanib Sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etilgan. Ulardan 2 nafarining hujjatlari xorijga yuborilgan va homiylik fondi tomonidan bepul operatsiya qilinishi rejalashtirilgan.
Respublika darajasida davolanishi lozim bo‘lgan bemorlar markazda to‘liq tekshiruvdan o‘tkazilib, birlamchi yordam ko‘rsatilgandan so‘ng ular imtiyozli yo‘llanma asosida Respublika bolalar gematologiya, onkologiya va immunologiya markaziga yuboriladi.
Joriy yil oxiriga qadar markaz hududida chaqaloqlar markazi va poliklinika uchun yangi bino qurilib ishga tushirilishi munosabati bilan shu kunga qadar faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 30 o‘rinli chaqaloqlar bo‘limi o‘rnida onkogematologiya bo‘limini tashkil etish rejalashtirilgan.
Samarqand shahridagi 3-tug‘ruq majmuasi binolari Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Samarqand filialiga qo‘shib berildi va 3 milliard so‘m mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan taʼmirlandi. Natijada 6 ta yangi bo‘lim to‘liq jihozlanib, alohida 15 o‘rinli bolalar onkologiyasi bo‘limi tashkil etildi. Bemorlarga qarovchilar uchun bo‘limda alohida 10 o‘rinli yotoq joyi yo‘lga qo‘yilib, ularga bepul ovqat berilishi taʼminlandi.
Bundan tashqari, filialga mahalliy byudjetdan 14,8 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, 8 turdagi zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlandi. Germaniyada ishlab chiqarilgan zamonaviy “Mikroplanshetli immunoferment analizator” o‘rnatilib bugungi kunda 7 turdagi onkomarkerlarni aniqlash yo‘lga qo‘yildi. Janubiy Koreya va Rossiya klinikalarida faoliyat ko‘rsatayotgan ikki nafar mutaxassis viloyatga qaytarildi. Filialda ishlayotgan ikki nafar bolalar onkologi Janubiy Koreya va Turkiyada malaka oshirdi.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida suyak ko‘migini ko‘chirib o‘tkazish amaliyotini joriy etish maqsadida maxsus bo‘lim va immunogenetik laboratoriya tashkil qilinmoqda. Buning uchun ikki nafar mutaxassis Turkiya klinikalarida malaka oshirib qaytdi. Ushbu yuqori-texnologik, murakkab amaliyotlarni 2023-yildan boshlab amalga oshirish rejalashtirilmoqda.