Dehqonchilikka salbiy ta'sir ko'rsatadigan omillar

Insonning tabiatga bo‘lgan salbiy ta’siri va buning natijasida kelib chiqayotgan ekologik muammolar butun dunyo bo‘ylab global tus olmoqda. Turli ishlab chiqarish korxonalari va zavodlar, avtomobillarning tabiatga keltirayotgan zarari ko‘pchilikka ma’lum. Ammo havo transport vositalari ham tabiatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqida ham hech o‘ylab ko‘rganmisiz?!
Samarqand davlat universiteti agrobiotexnologiya va oziq ovqat xavfsizligi fakulteti magistri Lobar Abdusalomova “Samarqand aeroporti faoliyatining organik dehqonchilik mahsulotlari yetishtirishga ko‘rsatadigan salbiy ta’siri va uni kamaytirish choralari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib boradi. Ilmiy rahbari SamDU tuproqshunoslik va agrotexnologiyalar kafedrasi mudiri, professor Shodiqul Xoliqulov.
– Avialaynerlar va yuk mashinalaridan chiqadigan turli zararli moddalar inson hayot faoliyatiga, shu jumladan qishloq xo‘jaligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatadi, - deydi tadqiqotchi Lobar Abdusalomova. - Atmosferani zararlaydigan turli zavod tutunlari singari, samolyot dvigatellari ham gazlar, shovqin va zarrachalarni atmosferaga chiqaradi. Avialaynerlar dastlab atmosferaning so‘ngra tuproqning og‘ir metallar bilan ifloslanishida asosiy subyekt hisoblanadi. Bugungi kunda bunday zararli chiqindilarning mahalliy havo sifatiga salbiy ta’siri atrof-muhitning ifloslanishiga olib kelmoqda. Havo qatnovi hajmi oshgani sayin umumiy miqdordagi zararli gazlar va chiqindilar ko‘payib bormoqda. 2021-yilga kelib, aviatsiya chiqindilari 2005-yilga nisbatan 70,3 foizga oshgan va 2050-yilga kelib uning miqdori 300 foizga o‘sishi mumkinligi bashorat qilinmoqda. Mazkur ilmiy tadqiqotimizning asosiy maqsadi mamlakatda transport qatnovining qishloq xo‘jalik mahsulotlari ishlab chiqarishiga va organik dehqonchilikka salbiy ta’sirlarini o‘rganish hamda aeroport atrofidagi tuproqlarga yetkazilayotgan zararlarni ilmiy baholash hisoblanadi. Ayni paytda tadqiqot yuzasidan Samarqand xalqaro aeroporti atrofidagi hududlarning tuproq tarkibini aniqlash, aeroport faoliyatining organik dehqonchilikka ta’sirini o‘rganish va kamaytirish bo‘yicha tajribalar olib bormoqdamiz.
Avialaynerlarning atmosferaga ta’siri ularning havoga turli zararli gazlar: karbonat angidrid, suv bug‘i, azot oksidi, to‘liq yonmagan uglevodorodlar, oltingugurt oksidi, qora uglerod chiqarishida ko‘rinadi. Ushbu zararli moddalarning tuproqqa eng katta zarar yetkazadigani neft mahsulotlarini yoqishdan keladigan zararlar hisoblanadi. Ekologiya va atrof-muhit holati qanchalik darajada yomonlashib boraversa, tabiat, shu jumladan tuproqning ham unumdorligi shunchalik pasayib boradi. Natijada dehqonchilik va qishloq xo‘jaligi sohasida kimyoviy preparatlardan foydalanish miqdori ortadi. Buning ta’sirida dehqonchilik oziq-ovqat mahsulotlari tarkibi ham o‘zgarib iste’mol uchun xavfli va sifatsiz mahsulotlarning ortishi kuzatiladi. Shunday ekan, ushbu masalani ilmiy jihatdan o‘rganish, yechimlari ustida ish olib borish bugungi kunning muhim talablaridan biridir.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.