Galofitlar endofit bakteriyalari – qishloq xo‘jaligi ekinlarining sho‘rlanishga chidamliligini oshirishga xizmat qiladi

Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti doktoranti Begali Aliqulov “Janubi-g‘arbiy O‘zbekistondagi ayrim galofitlarning ekstremofil bakteriyalari va ularning biotexnologik potensiali” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Ushbu ilmiy izlanishlar sho‘rlanish sharoitida qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish samaradorligini oshirishda galofit o‘simliklar endofit bakteriyalarining potensialini baholashga qaratilgan. Ilmiy maslahatchisi biologiya fanlari doktori, professor Zafar Ismoilov.
- Xorijda va mamlakatimizda bugungi kungacha o‘tkazilgan tadqiqotlar natijasida turli o‘simliklardan rizo va endobakteriyalar ajratib olingan, - deydi Begali Aliqulov. - Ularning morfologo-kultural, fiziologo-biokimyoviy xususiyatlari o‘rganilib, faol shtammlarni o‘stirishning optimal sharoitlari tanlangan. Rizo va endobakteriyalar faoliyatiga asoslangan mikrob preparatlarini yaratilib, sho‘rlanish, qirg‘oqchilik stressi ta’siridagi mintaqalarda amaliyotga joriy etilgan. Ayrim qishloq xo‘jalik ekinlari o‘sishining yaxshilashi asoslab berilgan.
Biroq, O‘zbekiston, shu jumladan, uning janubiy-g‘arbiy mintaqalaridagi iqlimning keskin o‘zgaruvchanligi, stress omillarning keng miqyosdagi ta’siri ushbu hududlar florasidagi galofitlarda ekstremofil endofitlar jamoalari xilma-xilligini oshirganlik ehtimolligi yuqori bo‘lsa-da, ilmiy manbalarda galofit o‘simliklardagi ekstremofil endofit bakteriyalarning xilma-xilligi, ularning mikrobiologik tavsifi, biokimyoviy va boshqa samarali xususiyatlari hamda istiqbolli mikrob preparatlari uchun manba sifatida foydalanish imkoniyatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar amalda kam uchraydi. Mazkur holat bu borada chuqur fundamental tadqiqotlar olib borilmaganligini ko‘rsatadi. Shu bois, qishloq xo‘jaligining sho‘rlangan maydonlarida ekinlarning o‘sishini rag‘batlantiruvchi istiqbolli manba sifatida - ayrim galofitlarning ekstremofil endofit bakteriyalarini ajratish, identifikatsiyalash va ularning biotexnologik potensialini baholash nafaqat fundamental, balki muhim ilmiy-amaliy ahamiyat kasb etadi.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, biz o‘z tadqiqotlarimizda O‘zbekistonning janubi-g‘arbiy hududlarida tarqalgan ayrim galofit o‘simliklar, jumladan, sarsazan, qora saksovul va qorabaroq o‘simliklarining ildiz va poyalaridan ekstremofil endofit bakteriyalarni ajratib olib, zamonaviy molekular genetik usullar yordamida identifikatsiyalandi. Tadqiqotlar davomida laboratoriya va vegetativ tajribalarda endofit bakteriyalar istiqbolli shtammlarining g‘o‘za, bug‘doy va bodring kabi qishloq xujalik ekinlari o‘sishini rag‘batlantiruvchi xususiyatlari o‘rganildi. Bugungi kunda tanlab olingan endofit bakteriyalar istiqbolli shtammlari asosida o‘simliklarning sho‘rlanish stressiga chidamliligini oshiruvchi mikrob preparati olish texnologiyasini yaratish, yangi mikrob preparatining ishlab chiqarish sinovlarini o‘tkazish va iqtisodiy samaradorligini baholash bo‘yicha tajribalar olib borilmoqda.
Mazkur tadqiqotlar natijasida Begali Alikulovning 15 ga yaqin ilmiy maqolalari, shu jumladan, 3 ta maqolasi Scopus bazasidagi nufuzli xorijiy jurnallarda, 20 dan ortiq tezislari xalqaro va respublika konferensiya materiallarida chop etilgan.
Doktorant tomonidan olib borilayotgan mazkur tadqiqot ishi natijalarini amaliyotga joriy etish qishloq xo‘jalik ekinlarining sho‘rlanishga chidamliligini oshirib, sho‘rlanish sharoitida qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish samaradorligini oshirish imkonini beradi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.