Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti doktoranti Shahzod Axanbayev “Izen (Kochia prostrata)ning mikroflorasi va biotexnologik potensiali mavzusida tadqiqot olib bormoqda. Ilmiy rahbari biologiya fanlari doktori, professor Zafar Ismoilov.

     - Ma’lumki, jahon miqyosida iqlim omillarining o‘zgarib borishi natijasida cho‘l qurg’oqchil maydonlarining ortishiga hamda ushbu hududlarda o’sishga moslashgan o’simliklarni keng doirada o’rganishga bo’lgan tadqiqotlar ham ortib bormoqda, - deydi Shahzod Axanbayev. - Biz ham hozirga qadar tadqiqotlarimizda O’zbekistonning qurg’oqchil hududlarida o’suvchi izen o’simligi bilan bog’liq endofit bakteriyalarni ajratib olib, ularni zamonaviy molekulyar genetik usullar yordamida identifikatsiya qildik. Tadqiqotlarimiz davomida ajratib olingan mikroorganizmlarni qishloq xo’jaligi ekinlariga zarar keltiruvchi fitopotogen mikroorganizmlarga qarshi faolligi va o’simliklar o’sishini rivojlantiruvchi xususiyatlarini o’rgandik. Bugungi kunda istiqbolli shtammlarning antibiotiklarga chidamliligini aniqlashga qaratilgan tajribalarimiz davom etmoqda. Biz tomonimizdan olib borilgan tadqiqotlar natijasida qishloq xoʻjalik ekinlarining kasalliklarga va qurgʻoqchilikka chidamliligini taʼminlaydigan istiqbolli bakterial shtammlar tanlanadi va amaliyotga joriy etiladi.

    Ilmiy izlanish natijalari asosida tadqiqotchi tomonidan OAK ro’yxatidagi respublika jurnallarida 4 ta va Hindistondagi nufuzli jurnalda 1 ta ilmiy maqola, shuningdek, respublika va xalqaro konferensiyalar materiallarida 20 ga yaqin tezislari chop etilgan.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.