Samarqand davlat universiteti: Iste’dodli yoshlar mamlakat umidi, millat tayanchi...

Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti talabasi Kamila Xotamova universitetning iqtidorli talabalaridan. Kamila uch tilda bemalol gaplasha oladi. Ingliz tilidan CEFR B2 sertifikatiga ega. Yaqinda rus tilidan TRKI III C1 sertifikatini qo‘lga kiritgan. Til o‘rganish bilan bir qatorda ilmiy tadqiqot ham olib boradi. Shu kunga qadar bir qator konferensiyalarda qatnashgan. Jumladan, “Global standards in teaching english” xalqaro konferensiyasida ingliz tili o‘qitish metodikasi bo‘yicha yozgan maqolasi bilan ishtirok etgan. Shu bilan birga Dostoyevskiy xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro konferensiyasida ham muvaffaqiyatli ishtirok etib, sertifikat qo‘lga kiritgan. Kamila darsdan bo‘sh vaqtlarida “Fast education” o‘quv markazida rus tilidan dars beradi. Rus tilini o‘rganuvchilar uchun 2 ta qo‘llanma muallifi.
- Rus va ingliz tillarini yoshligimdan o‘rganib kelaman, - deydi Kamila Xotamova. - Va aytishim mumkinki, chet tillarini bilish hayotimda yangi muvaffaqiyatlar eshigini ochdi. Maktabni bitirib, ingliz tilidan B2 sertifikatini qo‘lga kiritdim. Shu bilan birgalikda bir vaqtning o‘zida bir nechta xalqaro oliy o‘quv yurtlariga jumladan, Webster, TMC, Yoedju universitetlariga o‘qishga qabul qilindim. Ammo Samarqand davlat universitetini tanladim. Ayni paytda ham o‘qib, ham ishlayapman. “Fast education” o‘quv markazida 100 dan ziyod o‘quvchilarga rus tilidan dars beraman. Kelgusida chet tillarida tadqiqot olib borib, jahon ilm-fan maydonida o‘z o‘rnimni topish maqsadim bor.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.