Toshkent shahrida O'smirlar va yoshlar oʼrtasida og’ir atletika bo’yicha Osiyo chempionati o’tkazilayotganligi haqida xabar qilgan edik.

    Bugun 102 kg. vazn toifasida yoshlar va o'smirlar o'rtasidagi bahslar o'z nihoyasiga yetdi.

    Ushbu vazn toifasida yurtimiz sharafini Samarqand davlat universiteti talabasi, amaldagi jahon chempioni Sharofiddin  Amriddinov himoya qildi. Bu gal sportchimiz Osiyoda ham tengsiz ekanligini isbotladi.

    Dast ko’tarishda 165 kg. tosh ko’tarib, oltin, siltab ko’tarishda ham 197 kg. bilan oltin, umumiy ikki bahs hisobiga ko’ra esa 362 kg. toshni ko’tarib yana oltin medalni qo’lga kiritdi.

    Eslatib o’tamiz, kecha Samarqand davlat universiteti talabasi Hojiakbar Olimov mazkur musobaqada oltin va ikki kumush medalga sazovor bo’lgan edi.

    Samarqand davlat universiteti jamoasi ushbu g’alaba bilan Sharofiddin Amriddinovni mubarakbod etadi.

Behruz Shamsiddinov

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.