Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti mustaqil izlanuvchisi Ixtiyor Akramov “Ceratoides ewersmanniananing endofit mikroorganizmlari va ularni amaliyotda qo’llashning biotexnologik asoslari” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Ilmiy rahbari Samarqand davlat universiteti dotsenti, biologiya fanlari bo’yicha falsafa doktori (PhD) Begali Aliqulov.

    - Ilmiy tadqiqotlarimizni O’zbekistonning janubiy qurg’oqchil mintaqalarida keng tarqalgan teresken o’simligi endofit mikroroganizmlari ustida olib bormoqdamiz, - deydi Ixtiyor Akramov. - Teresken chorva mollari uchun yuqori ozuqabop o’simlik hisoblanib, qurg’oqchil mintaqalarda, suv kam uchraydigan hududlarda o’sishga moslashgan. Jahon miqyosida global isish ko’pgina hududlar o’simliklari qoplamini kamayishiga, qurib qolishiga sabab bo’lmoqda. Jumladan mamlakatimizning ham ayrim hududlariga bu o’z ta’sirini o’tkazmoqda. Shuning uchun ham teresken o’simligini endofit mikroorganizmlarini o’rganish, ular ustida tadqiqotlar olib borish juda ham ahamiyatlidir. Tadqiqotlarimiz davomida O’zbekistonning janubiy hududlariga ilmiy safarlar uyushtirib, teresken o’simligidan namunalar olib keldik. Mazkur namunalarni molekulyar biotexnologiya laboratoriyasida sterilizatsiya qilib, ulardan endofit mikroorganizmlarni ajratib oldik. Tadqiqotlarimiz davomida endofit bakteriyalardan 35 ta izolyat, endofit zamburug’lardan 4 ta izolyat ajratib olindi. Ushbu ajratib olingan mikrorganizmlarning o’simliklarning o’sishini rag’batlantirish xususiyatlari o’rganildi va ular orasidan eng yuqori ko’rsatgichga ega bo’lgan 4 ta bakteriya izolyatlari identifikatsiya qilinib turlari aniqlandi. Ilmiy tadqiqotlarimizdan ko’zlangan asosiy maqsad qishloq xo’jaligi o’simliklarini o’sishini rag’batlantirish xususiyatlarini aniqlash va bu orqali qurg’oqchilikga chidamli o’simliklar qoplamlarini kengaytirishning biotexnologik usullarini ishlab chiqishdan iborat. Hozirgi kunda ilmiy tadqiqotlarimiz davom etmoqda.

    Ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida tadqiqotchi tomonidan OAK ro’yxatidagi respublika jurnallarida 3 ta va Hindistondagi nufuzli jurnalda 1 ta ilmiy maqola, shuningdek, respublika va xalqaro konferensiyalarda ishtirok etib 15 ga yaqin tezislar chop etilgan.

 

Samarqand davlat universiteti 
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar.