Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti yuridik fakulteti magistri Farrux Bobojonov “Advokatlik faoliyatida mediatsiya va mediativ yondashuv” mavzusida ilmiy tadqiqot olib bormoqda.

    - Ilmiy izlanishlarimizda advokat tomonidan professional asosda, ya’ni malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun rasman tan olingan shaxs tomonidan mediatorlik faoliyatining amalga oshirishini tahlil qilganmiz, - deydi Farrux Bobojonov. - Nizolarni muqobil usulda hal etishning tartib-taomilini amalga oshirishda mediatsiyaning samaradorligi o’rganganmiz.

    Shuningdek, tadqiqotchi olimlarning bu boradagi qarashlari, xorijiy mamlakatlar qonunchiligi va milliy qonunchilik normalari, mavjud nazariy va amaliy muammolar tahlili hamda mediatsiya jarayonida advokatning ishtirokini har tomonlama o‘rganish kerakligini, mediator sifatida faoliyatini amalga oshirish afzalliklarini huquqiy jihatdan asoslashga harakat qilgan.

    Mamlakatda davlat organlarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini ta’minlash hamda ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

    Shu bilan birga, ushbu sohada islohotlarning hozirgi bosqichi davlat organlarida nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitrajlarni fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor bo‘ladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutlarga aylantirish lozimligini taqozo etmoqda.

    Mediatsiya – bu nizoli va murakkab vaziyatlarda qo‘llaniladigan muzokaralar jarayoni hamda nizolarni suddan tashqari hal etishning muqobil usuli bo‘lib, uning asosiy maqsadi – taraflarning kelishuviga erishishi uchun yo‘l topishdan iborat. Ushbu jarayonda taraflarning dunyoqarashini ijobiy tomonga o‘zgartirilishi ham mediatsiyani muvaffaqiyatli o‘tishining garovi bo‘lib hisoblanadi.

    Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonun bilan taqiqlanmagan barcha vositalar bilan himoya qilish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 116-moddasida har bir shaxsning malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Fuqarolarga, korxona, muassasa va tashkilotlarga yuridik yordam berish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Bu esa O‘zbekiston Respublikasida mediatsiya institutining advokatlik faoliyatida foydalanishning huquqiy asosidir.

    Fuqarolarda yuzaga kelayotgan nizoli masalalarni suddan tashqari muhokama qilishning ochiq maydonini yaratish, sudlarda to‘planib qolgan ish hajmini kamaytirish, davlat organlarida nizolarni sudgacha ko‘rib chiqishning yangicha tizimini joriy etish, nizolarni hal etuvchi zamonaviy muqobil institutlarni yo‘lga qo‘yish bugungi kunning talabi desak, mubolag’a bo’lmaydi.

 

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.