Tarixning uzoq yillaridan boshlab, Vatanimiz hududi ko‘pmillatli va turli din vakillari hamjihatlikda, tinch-totuv istiqomat qilib kelayotgan mintaqa hisoblanadi. XX asr oxirlaridan beri mamlakat milliy tarkibidagi 130 ga yaqin millat va etnik guruhlar mavjud ekanligi aholini ro‘yxatga olish hujjatlarida qayd qilinib kelmoqda. O‘zbekistonning ko‘pmillatlilik jarayoni uzoq davrlarga borib taqaladi. Mamlakatimizda ko‘plab millatlar yashashi masalasiga to‘xtalgan R.Murtazayeva shunday ta’kidlaydi: “O‘zbekiston dunyoning ko‘pmillatli davlatlaridan biri ekanligi, bu yerda yuzdan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilayotgani, ularning har biri noyob moddiy va ma’naviy madaniyatga ega ekanligi ma’lum. Ularning aksariyati asrlar davomida shu yerda yashab, etnik birlik sifatida shakllangan va ma’lum ma’noda O‘zbekistonning tub joy xalqlari hisoblanadi. O‘zbek xalqining bag‘rikengligi tufayli O‘zbekiston hududida turli xalqlarning noyob birligi va xilma-xilligi, ma’naviy mushtarakligi shakllangan.”

    Vatanimiz hududida Rossiya imperiyasi hukmronligi o‘rnatilganidan keyin Turkistonga ko‘plab yevropalik aholi vakillari ko‘chib kelgan. Ularning dastlabki qismi Rossiya imperiyasining harbiy xizmatchilari sifatida o‘lkaga kelgan. Shu davrlarda Boltiqbo‘yi xalqlarining ham ko‘p sonli migrantlari O‘rta Osiyoga ko‘chib kela boshlagan.

    O‘sha vaqtlarda Turkistonda 20 dan ortiq etnik guruhlar mavjud bo‘lgan. Ammo bugungi kunda O‘zbekistonda 140 ga yaqin etnik guruhlar bor va ularning ozchiligini Boltiqbo‘yi xalqlari tashkil qiladi. Rossiya imperiyasining ko‘chirish siyosati hududda ko‘pmillatlilikning yanada kengayishiga xizmat qilgan omillardan biri bo‘lib xizmat qildi.

    Boltiqbo‘yi xalqlarining ko'chish tarixi bo'yicha ko'plab tadqiqotlar olib borildi. O‘zbekiston hududidagi Boltiqbo‘yi xalqlari rus mustamlakachilari tomonidan majburiy ko‘chirib keltirilgan xalqlar hisoblanadi.

    Latish millati vakillari birinchi marta XIX asrning 60-yillari o'rtalarida O'rta Osiyoda rus qo'shinlari tarkibida paydo bo'lgan. Keyinchalik oz sonli latviyaliklar - malakali ishchilar, amaldorlar, o'qituvchilar, shifokorlar va xizmatchilar sifatida Turkistonga kelib joylashdilar. Ularning aksariyati hunarmandchilik, savdo-sotiq bilan shug‘ullangan va mayda burjua qatlamiga mansub bo'lgan. Ko‘chirilgan aholining asosiy qismi Rossiya imperiyasi armiyasida harbiy xizmatni o‘tagan, ta’lim, fan, sog‘liqni saqlash tizimida, iqtisodiyot va qurilishga jalb qilingan. Bu davrda ularning ko‘pchiligi Turkiston o‘lkasida, qisman Buxoro va Xorazmning Rossiya imperiyasiga qaram bo‘lgan hududlariga ko‘chirilgan. Ular asosan shahar atrofida, yangidan tashkil qilingan rus posyolkalariga joylashgan. Masalan, 1903-1913-yillar davomida Turkiston o‘lkasining o‘zida 116 ta rus posyolkasi tashkil topgan. Boltiqbo‘yi posyolkasi tashkil topgan. Bundan ko‘rish mumkin boltiqbo‘yi xaqlari o‘lkada alohida emas, rus aholi vakillari bilan birgalikda joylashtirilgan. Ular ham asosan shahar va shahar atrofida tashkil qilingan aholi posyolkalariga kelib joylashgan. Ko‘chirib keltirilganlar o‘lkaga joylashish jarayonida o‘zlari uchun ma’qul kelgan yerga emas, aksincha hukumat ko‘rsatgan hududga joylashgan. Rossiya imperiyasi bu siyosatdan ko‘zlagan asosiy maqsadi o‘zlari uchun Turkiston va Buxoro, Xorazm hududlarida tayanch yaratish bo‘lgan. Ular turli xil millat vakillarini uzoq o‘lkalardan ko‘chirib keltirib, ularga sharoit yaratib berishgan.

    Rus imperiyasi tarkibida kelgan harbiylarga o‘lkada yashab qolishlari uchun zarur bo‘lgan barcha imtiyoz va qulayliklar yaratilgan. Bu esa ularning bu yerlarda muqim yashab qolishlariga asosiy turtki bo‘lgan omillardan biri edi. Ularga imtiyoz va qulayliklar berilishi ortidan mahalliy aholi vakillariga qiyinchilik va muammolar kelib chiqqanligini aytib o‘tish joiz. Ularga tegishli bo‘lgan yer-mulklar ko‘chirib keltirilgan aholi vakillari yoki shu hududda muqim yashab qolishni istagan harbiy xizmatchilarga berib yuborilishi bunga sabab bo‘ldi. O‘z navbatida mahalliy aholining turmush sharoiti, ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli yanada murakkablashdi.

    XIX asr 60-yillarning oxirida Turkistonda rus armiyasida litvaliklar bo'lgan. Birozdan keyin Litvada tug‘ilgan, Rossiya fuqaroligiga ega bo'lgan fuqarolar bu yerga kela boshladi. O'tgan asrning boshlarida litvaliklar Toshkent, Samarqand va Farg‘ona vodiysi shaharlarining mayda-burjua qatlamida katta ulushga ega edilar.

    Mazkur ma’lumotlardan, ko‘rinadiki Boltiqbo‘yi xalqlari ham Rossiya imperiyasi tarkibiga ixtiyoriy tarzda qo‘shilmagan. Aksincha ular ham turli davrlarda bosqinchilik yo‘li bilan imperiya tarkibiga qo‘shib olingan. Keyingi yillarda ular imperiya hukumati manfaatlaridan kelib chiqqan holda turli hududlarga, xususan, O‘rta Osiyoga majburiy tarzda ko‘chirilgan xalqalar qatorida bo‘lgan. Ya’ni ular bu yerga ixtiyoriy tarzda ko‘chib kelmagan, degan xulosa kelib chiqadi.

 

Akobir Qobilov

Samarqand davlat universiteti

Tarix fakulteti magistri