Tadqiqot: Kolumb o‘tining qishloq xo‘jaligida ahamiyati qanday?

Kolumb o‘ti – bug‘doydoshlar oilasining jo‘xori turkumiga mansub ko‘p yillik yem-xashak o‘simligi bo‘lib, vatani Argentina. 1943-yilda Argentinalik botanik olim Lorenso Parodi tomonidan fanga kiritgan. Kolumb o‘ti jo‘xorining sudan o‘ti turining g‘umay ishtirokida chatishtirilishi natijasida paydo bo‘lgan tabiiy duragay hisoblanadi.
Kolumb o‘ti yuqori mahsuldorlik potensialga ega, ko‘p yillik, ildizi kraxmalga boy, qurg‘oqchilikka va sho‘rlikka chidamli o‘simlik bo‘lganligi uchun bugungi kunda jo‘xori turkumining boshqa turlari bilan birgalikda introduksiya va seleksiya ishlari olib borilmoqda. Kolumb o‘tidan dunyo chorvachiligida asosan yem-xashak va muqobil maqsadlarda foydalaniladi. Hozirgi vaqtda Kolumb o‘ti Avstraliya, Janubiy Afrika, O‘rta yer dengizi mamlakatlari, Janubiy Amerikaning qurg‘oqchil tropik va subtropik rayonlarida keng tarqalgan. Kolumb o‘tining qurg‘oqchilikka yuqori chidamliligi, tez o‘sishi va ko‘p yillik rivojlanishi ko‘pchilikda juda katta qiziqish uyg‘otdi.
Samarqand viloyatining o‘ziga xos tuproq-iqlim sharoitlarida noan’anaviy yem-xashak ekini bo‘lgan Kolumb o‘tining bioekologik xususiyatlari va yetishtirish agrotexnologiyasi birinchi marta Samarqand davlat universiteti o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi mudiri, dotsent Burxon Avutxonov tomonidan o‘rganilgan.
- Kolumb o‘ti – ko‘p yillik kalta ildizli baland o‘sadigan tropik va subtropik mamlakatlarda keng tarqalgan yem -xashak o‘simligidir, - deydi dotsent Burxon Avutxonov. - Respublikamiz sharoitida esa bir yillik o‘simlik hoblanadi. O‘simlikning bo‘yi 250-350 sm. gacha yetadi. Ushbu o’simlik popuk ildizli bo‘lib, yon tomonga 180-200 sm., pastga 80-90 sm. gacha kirib boradi. Poyasi tik o‘sadi, 4-8 tagacha tuplanadi va har biri 8-12 tagacha bo‘g‘im hosil qiladi. Turning poyalari tuksiz 1 sm. diametrda, parenxima bilan to‘ldirilgan va ko‘p sondagi barglar bilan qoplangan. Barglari katta, tuksiz, uzunligi 50-70 sm., eni 2-4 sm. Barglari yoysimon tomirlangan, bir tupda 65 tagacha yetadi. Kolumb o‘ti tashqi belgilari bo‘yicha sudan o‘tiga o‘xshaydi. Ikki jinsli gul. Mevasi don. Bitta ro‘vagida 1600-2300 tagacha don bo‘lib, uzunligi 40-45sm. Urug‘lari 92-100 kunda pishib yetiladi. 1000 dona don massasi 24-26 grammni tashkil etadi.
Respublikamiz sharoitida Kolumb o‘tining urug‘lari aprelning ikkinchi yarmida tuproqning 0-10 sm. qatlamida harorat 150C dan yuqori bo‘lganda qator orasi 60 sm. qilib, 3-5 sm. chuqurlikka ekiladi Harorat 180C ga yetganida yaxshi unib chiqadi. Urug‘larning normal o‘sib rivojlanishi uchun optimal harorat 20-300C ni tashkil etadi. Uning urug‘lik sarfi gektariga 8-10 kg. ni tashkil etadi. Ekilgan urug‘lar 9-11 kunda unib chiqadi. O‘simlikning vegetasiya davri 90-92 kundan 180-190 kunni tashkil qiladi. Respublikamizning sug‘oriladigan maydonlarida Kolumb o‘tini uch marta, bug‘doyning o‘rniga ekilganda esa, ikki marta o‘rib mo‘l va sifatli yashil massa yetishtirish mumkin.
Respublikamiz sharoitida aprel oyida ekilgan o‘simliklarni uch marta o‘rib, gektaridan 2000-2100 sentner, bug‘doyning o‘rniga ekilganda esa ikki marta o‘rib, gektaridan 1200-1300 sentner yashil massa olish mumkin...
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.