Poliz ekinlaridagi eng xavfli zararkunanda qaysi?

Poliz ekinlari zararkunandalar va kasalliklarga juda taʼsirchan bo‘lib, ularga qarshi zarur kurash chora-tadbirlari ko‘rilmagan taqdirda poliz ekinlari hosilining katta qismi yo‘qotilishi yoki o‘simlik butunlay hosil bermasligi ham mumkin. Poliz ekinlarida bir necha o‘nlab so‘ruvchi va kemiruvchi zararkunandalar oziqlanadi, ulardan eng xavflisi poliz qo‘ng‘izi bo‘lib hisoblanadi. Bu zarakunandaning biologik va ekologik xususiyatlari Zarafshon vohasi sharoitida deyarli o‘rganilmagan hamda ularga qarshi samarali va ekologik zararsiz kurash choralari ishlab chiqilmagan.
Shu sababli poliz qo‘ng‘izining Zarafshon vohasi sharoitida biologik va ekologik xususiyatlarini o‘rganish va ekologik zararsiz kurash choralarini ishlab chiqish dolzarb masala deb hisoblaymiz. Buning uchun esa zararkunanda rivojlanish fazalari davomiyligiga muhit omillarining taʼsirini o‘rganish muhimdir.
Poliz qo‘ng‘izi mahalliy nomi “Kakana”, qattiqqanotlilar turkumi, koksinillidlar oilasi, Epilachna avlodiga mansub hasharot. Zarafshon vohasida uning 37 turi aniqlangan.
Poliz qo‘ng‘izi qovun, bodring, tarvuz, qovoq, va boshqa poliz ekinlarining yer ustki organlarini, ular unib chiqqandan boshlab, to hosil yig‘ib olingunga qadar zararlaydi.
Zararkunandaning qo‘ng‘izlari va lichinkalari o‘simlik barglarini kemirib, faqat barg tomirlarini qoldiradi, mevasida chuqurchalar hosil qiladi va meva chiriydi, hosil keskin kamayadi.
Poliz qo‘ng‘izi poliz ekinlari nihollariga katta zarar yetkazadi, zararkunandaning qo‘ng‘izlari yosh niholni to‘lig‘icha yeb qo‘yadi. Ko‘pincha o‘simlik vegetatsiyasining eng avj olgan vaqtida poliz qo‘ng‘izi va uning lichinkalari bilan zararlanganda o‘simlikni to‘liq nobud bo‘lishi kuzatiladi. Poliz qo‘ng‘izi ayniqsa kechki ekilgan poliz ekinlariga ko‘proq zarar yetkazadi. Bu vaqtda dalalarda ko‘p miqdorda qo‘ng‘izlar yig‘iladi. Baʼzi o‘simliklarda 43 tagacha qo‘ng‘izlar va 200-300 tagacha poliz qo‘ng‘izi lichinkalarini sanash mumkin.
Hosil yig‘ib olish davrining oxirida zararkunanda asosan qovunning yosh mevalari bilan oziqlanadi.
Zararlangan qovun mevalari saqlash va tashish uchun yaroqsiz holga keladi, ko‘pchiligi esa birdaniga chirib ketadi. Zararlangan o‘simlik odatda mayda va bujmaygan meva tugadi. Mevalarning sifati pasayadi va vazni kamayadi. Kuchli zararlangan o‘simliklarda umuman meva bo‘lmaydi.
Poliz qo‘ng‘izi va uning lichinkalari poliz ekinlarining barglarini xush ko‘rib yeydi. Dala sharoitida poliz ekinlarining barglarini ko‘pincha 95-100 % zararlaydi.
Zarafshon vohasi sharoitida poliz qo‘ng‘izi 4 marta to‘liq avlod beradi. Poliz qo‘ng‘izi rivojlanish bosqichlarining davomiyligi muhit harorati va havoning nisbiy namligiga bog‘liq bo‘lib, birinchi avlod lichinkalarining rivojlanishi 2- va 3- avlodlariga nisbatan ancha uzoq davom etadi. Poliz qo‘ng‘izi 1- avlod tuxumlarining embrional rivojlanish davomiyligi 2- va 3- avlodlariga nisbatan havo haroratiga bog‘liq holda faqat bir kunga farq qiladi. Dala sharoitida esa tuxum va lichinkalari rivojlanish davomiyligidagi farqi 2-3 kunga cho‘ziladi.
Burxon Fayzullayev
Samarqand davlat universiteti
Ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti