Omonqo‘ton g‘or makoni haqida nimalarni bilasiz?

Samarqand hududida topilgan eng qadimiy yodgorliklardan biri Omonqo‘ton g‘or makoni hisoblanadi. Omonqo‘ton g‘ori 1947-yilda arxeolog David Levtomonidan topilgan. Omonqo‘ton g‘ori ochilgan paytlarda MDH davlatlari hududida 166 ta paleolit davriga oid yodgorliklar aniqlangan edi. Samarqand davlat universiteti peolitchilar guruhi paleolit davri yodgorliklarini o‘rganishning ancha taraqqiy qilgan uslublarini yaratganlar. O‘sha davrlardayoq arxeologik tadqiqotlarda geologiya, paleontologiya va etnografiya kabi fanlarning ma’lumotlaridan foydalanilgan.
Makon Chaqulqulyon tog‘larida dengiz sathidan taxminan 1300 m. balandlikda, Samarqand shahridan 45 km. janubroqda joylashgan. Tadqiqotlar 10 yil davom etgan. Gʻorning yotqiziqlari uning kirish qismida konsentrasiyalashgan; madaniy qatlamlarning qalinligi 0,25 dan 1,5 m. gacha bo‘lgan. Bu yerdan gulxan va o‘choqlar qoldiqlari aniqlangan. Topilmalarning juda katta qismini hayvonlarning suyak qoldiqlari tashkil qiladi (barcha topilmalarning 80%).
Gʻorning tosh buyumlari kolleksiyasi 200 tadan ortiqroq artefaktlardan iborat. D.N. Lev tosh industriyasining tahlili asosida Omon-Qo‘ton Teshik-toshga nisbatan ham qadimgiroq davrlar bilan sanalangan va Teshik-tosh uning merosxo‘ridir. Keyinchalik ushbu nuqtai-nazarni rus arxeologi A.P. Okladnikov qo‘llab quvvatlagan.
Gʻor to‘liq o‘rganilgan deb hisoblanishiga qaramasdan, uning ayrim joylarida qazilmagan maydonchalar bo‘laklarini topish mumkin va ushbu maydonlarda odam faoliyati izlarini hamda hayvon suyaklari qoldiqlari mavjud.
Omon Qo‘ton g‘oridan absolyut sanalashni amalga oshirish istiqboli juda muhim. Zarafshon vohasi tosh davri yodgorliklarining o‘rganilganligiga qaramasdan mavjud sanalashlar barchasi nisbiydir. Gʻordan topilgan qazilma fauna katta qiziqish uyg‘otadi. Negaki, ular nafaqat ibtidoiy odamlarning ov obektlari, balki qadimgi paleoiqlim haqida ham muhim ma’lumlotlarni beradi.
V.I. Gromovaning dastlabki xulosasiga ko‘ra Omonqo‘ton g‘oridan ot, bug‘u, yovvoyi echki, giyena, ayiq, jayra, yumronqoziq kabi sut emizuvchi hayvonlar topilgan:
1948-yilda Omonqo‘ton g‘orida olib borilgan qazish ishlari natijasida Teshik-toshdagiga o‘xshash fauna aniqlangan.
Odil Ergashev
Samarqand davlat universiteti
Arxeologiya kafedrasi dotsenti