Topinamburni  xalqimiz yernok deb  ham ataydi. Amerikalik hindular uni uzoq umr ko‘rish vositasi  deyishadi. Chunki,  uning tanani umumiy quvvatini oshiruvchi xususiyatlari bisyor. Yernokdan muntazam iste’mol qilib turilsa, a’zolarga tuz yig‘ilishi, 2-tur qandli diabet, me’da-ichak xastaliklari, kamqonlik, ateroskleroz, buyrak va siydik yo‘llarida tosh hosil bo‘lishida, asab kasalliklarining oldini olishda juda qo‘l keladi. Yernok bargi va tugunagini yangi holda yoki quritilgan holda ishlatish mumkin. Yangi terib olingan kartoshkasidan 50 gr. tozalab, unga hech narsa qo‘shmasdan ovqatdan 30 daqiqa oldin, kuniga 3 mahal iste’mol qilinsa, qondagi qand miqdori kamayadi. Bargidan salat tayyorlansa faqat qandli diabetnigina emas, balki gipertoniya, me’da osti bezi xastaliklarini davolashda ham ahamiyati juda kattadir.

    Yangi terib olingan, yernokning 3 donasini 1 litr suvga  solib, 10-15 daqiqa davomida meva sharbati kabi qaynatasiz. Yernokning quritilganidan ishlatmoqchi bo‘lsangiz, 1-2 litr suvga 3 osh qoshiq olib 1 soat davomida mildiratib qaynatasiz. Tayyor damlamani iliq holda yoki sovutilganini kuniga 1 litrdan ichish tavsiya etiladi. Bunday qaynatma qondagi qand miqdorini kamaytiribgina qolmay, balki qon bosimini ham tushiradi. Me’da osti bezining ish faoliyatini yaxshilaydi, qondagi gemoglobin miqdorini oshiradi. Unda moddalar almashinuvini yaxshilaydigan pektin va organik kislotalar mujassam.

    Topinamburning vatani Shimoliy Amerika hisoblanadi. Yevropaga XVII asr boshlarida keltirilgan. O‘zbekistonda silosbop ekin sifatida ekiladi. Texnik va oziq-ovqat o‘simligi hisoblanadi. Topinamburdan tibbiyotda har    xil dori-darmonlar tayyorlanadi. Tarkibida oqsil, yog‘lar, azotsiz moddalar, V va S vitaminlar uchraydi. Yernokdan qand, fruktoza va spirt ishlab chiqarishda foydalaniladi.

 

Zebiniso Umurzakova

Samarqand davlat universiteti

botanika kafedrasi dotsenti