Samarqand davlat universiteti magistri Janubiy Koreyada stajirovka dasturida ishtirok etmoqda...

Samarqand davlat universiteti inson resurslarini boshqarish fakulteti magistri Mohigul Majidova xalqaro “Entry” tanlovida g‘olib bo‘lib, ayni paytda Koreyada stajirovka dasturi bo‘yicha malaka oshirmoqda. Biz tadqiqotchining Koreyaga tashrifi tafsilotlari bilan qiziqdik.
-O‘zbekiston hamda Janubiy Koreya Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida tashkil etilgan malaka oshirish loyihasida ishtirok etyapmiz, - deydi Mohigul Majidova. - Ushbu loyiha Janubiy Koreyaning Cheju Hala universiteti professor-o‘qituvchilari tomonidan ta’lim sohasida xalqaro tajriba almashish, shuningdek, Janubiy Koreyaning ta’lim tizimini o‘rganish va O‘zbekiston uchun innovasion tomonlarini va kreativ metodlarni tatbiq qilish maqsadida tashkil qilingan. Biz Cheju Hala universitetida malaka loyihasi kurslarida qatnashyapmiz. O‘zbekistondan o‘ttizdan ortiq vakillar ishtirok etishmoqda. Loyiha davomida axborot-kommunikasion texnologiyalar samaradorligini oshirish, AKT sohasida o‘qituvchi va tadqiqotchilarga samarali ta’lim metodlarini o‘rgatish, bilim-ko‘nikmalarini oshirish, bunda Koreyaning ilg‘or va samarali usullari hamda texnik bazasini O‘zbekistonda tashkil etishga qaratilgan loyihaviy uchrashuvlar tashkil qilish ko‘zda tutilgan. Mening magistrlik mavzuim ham bevosita raqamli iqtisodiyot sharoitida axborot xavfsizligi himoyasi masalalari bilan bog‘liq. Shu sababli, ushbu loyiha kelgusidagi ilmiy tadqiqotim uchun ham nihoyatda samarali bo‘lishiga ishonaman.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati