Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston-Rossiya uchinchi ta’lim forumi bo‘lib o‘tdi...

Forum tadbirlari O‘zbekiston oliy o‘quv yurtlari va Rossiya ishlab chiqarish sektorlari vakillari o‘rtasida integratsiyani yo‘lga qo‘yish doirasidagi muzokaralar bilan boshlanib, shoʻbalarga bo‘lingan holda davom etdi. O‘zaro uchrashuvlarda ikki tomondan 200 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari rahbarlari, ishlab chiqarish korxonalari vakillari, vazirlik va idoralar mas’ullari ishtirok etdi.
Dastlabki muzokaralarda Rossiyaning yetakchi kompaniyalari rahbarlari, vazirliklar vakillari va O‘zbekiston rektorlari o‘rtasidagi amaliy hamkorlik, ikki tomonlama loyihalar muhokama qilinib, O‘zbekiston oliy ta’lim muassaslarining Rossiya ishlab chiqarish sektorlari o‘rtasida integratsiyani amalga oshirish, O‘zbekiston uchun muhim bo‘lgan muxandislik-texnologiya, energetika, kimyo sanoati sohalarida OTMlar o‘rtasida ilmiy-akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish, O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi ta’limning barcha bosqichlarida hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, shuningdek, O‘zbekistonda Rossiya oliy ta’lim muassasalari filiallari sonini oshirish bo‘yicha bir qator muhim masalalar yuzasidan ochiq muzokaralar olib borildi.
Forumning sessiyalari yig‘ilishlarida ikki davlat universitetlari bilan hamkorlikda oliy malakali pedagog-kadrlar tayyorlash, magistratura ta’limini rivojlantirish, ilm-fan, ta’lim va texnika sohalarida istiqbolli hamkorlik doirasida akademik va ilmiy almashinuv aloqalari va qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha bir qancha masalalar muhokama qilindi. O‘zaro muzokaralarda texnika, kimyo texnologiya, geologiya, muhandislik sohalarida Rossiya universitetlari bilan o‘zaro aloqalarni mustahkamlash va akademik mobillikni tashkil etish, birgalikdagi tadqiqotlarda zamonaviy yuqori texnologiyali laboratoriyalar va texnoparklardan foydalanish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish uchun innovatsion platformalarni yaratish, ikki davlat uchun ustuvor yo‘nalishlarda ilmiy loyihalarni amalga oshirishni faollashtirish masalalari yuzasidan bir qator takliflar ilgari surildi.
Kunning ikkinchi qismida Samarqand davlat universiteti faollar zalida O‘zbekiston-Rossiya III ta’lim forumining yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Anjumanni Samarqand davlat universiteti rektori, Oliy Majlis Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov kirish so‘zi bilan ochdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston-Rossiya III ta’lim forumi ishtirokchilariga tabrigini Prezident maslahatchisi Odil Abdurahmonov o‘qib eshittirdi.
Forum yakuniy natijalari bo‘yicha ikki mamlakat ta’lim tashkilotlari, yetakchi kompaniyalari o‘rtasida fan, ta’lim, ishlab chiqarish integrasiyasini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, muhandislik-texnologiyasi, energetika, kimyo sanoati sohalarida kadrlar tayyorlash, ilmiy va innovasion faoliyatdagi hamkorlik aloqalarini rivojlantirish kabi bir qator masalalarda 120 ga yaqin hamkorlik shartnomalari bo‘yicha kelishuvga erishildi. Samarqand davlat universiteti Rossiyaning bir qator oliy ta’lim muassasalari bilan 10 dan ortiq shartnoma imzoladi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.