“Adabiyot – hayotning qorong‘u nuqtalarini ijod nuri bilan yoritishga qodir kuch...”

Samarqand davlat universiteti filologiya fakulteti tomonidan taniqli yozuvchi Javlon Jovliyev hamda shoir Shuhrat Orif ishtirokida ijodiy uchrashuv tashkil etildi. Ijodiy uchrashuvda SamDU filologiya fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.
“Qo‘rqma” asari bilan o‘zbek adabiyotiga o‘ziga xos ovoz, o‘zgacha yo‘l bilan kirib kelgan yozuvchi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Javlon Jovliyev bilan bo‘lib o‘tgan savol-javoblar va qizg‘in suhbatlarda talabalar “Qo‘rqma” romani va yozuvchining hozirgi kundagi ijodi bo‘yicha o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
-Samarqand har bir o‘zbekistonlik uchun iftixor manbayi bo‘lgan shahar, - deydi yozuvchi Javlon Jovliyev, - Dunyoning qaysi chekkasiga bormaylik, xorijliklar O‘zbekistonni Samarqand orqali taniydi. Samarqand azal-azaldan nafaqat ijtimoiy-siyosiy hayot, balki ilm-ma’rifat va adabiyot uchun ham tayanch vazifasini bajargan. Adabiyot – hayotning qorong‘u nuqtalarini ijod nuri bilan yoritishga qodir kuch. Bu yerga yig‘ilgan har bir adabiyotga oshno ko‘ngilda mana shu nurning aksi bor. Bugungi uchrashuvda samarqandlik kitobxonlarning adabiyotga bo‘lgan mehrini ko‘rib, quvondim. Hozirgi sharoitda adabiyotimiz targ‘iboti uchun bu kabi faol kitobxonlik targ‘iboti juda muhim.
-Samarqandga har gal kelganimda Samarqand davlat universiteti yonidan o‘tar ekanman, bu oliy dargohning o‘ziga xos shukuhi, adabiyotimizning haqiqiy ustunlari bo‘lgan ustozlarimizning shu dargohdan yetishib chiqqanini eslab yuragimda o‘zgacha faxr va hurmatni his qilaman, - deydi shoir Shuhrat Orif, - Samarqand davlat universitetida tashkil etilgan “Shalola” adabiy to‘garagi bugungi adabiyotimizga Karim Bahriyev, Omon Matjon, Orif To‘xtash, Nodir Jonuzoq kabi shaxslarni yetishtirib bergan. Bu to‘garak boshlab bergan adabiy-ijodiy muhit hali-hanuzgacha barqaror bo‘lib, adabiyot olamiga umid bilan kirib kelayotgan yosh ijodkorlarni yetishtirmoqda. Yaqinda “Qaqnus” klubiga ushbu to‘garak a’zolarining bir guruhini taklif qilgan edik. Ularning ijod namunalarini tinglab bu muhitning mardona shukuhi hali-hanuzgacha yashab kelayotganiga amin bo‘ldim. Bu universitetda o‘qiyotgan har bir yosh Samarqand davlat universitetining dovrug‘i va shonli tarixi mujassam shunday ulug‘ nomiga o‘z ilmi va ijodi bilan o‘z izini qoldirishi kerak.
Ijod sehri, adabiyot otashi bilan qizg‘in o‘tgan uchrashuvda o‘zbek adabiyotida o‘ziga xos o‘ringa ega, samimiy she’rlari bilan xalq qalbidan joy olgan ijodkor Shuhrat Orif o‘qib bergan she’rlar davrada haqiqiy ijodiy kayfiyat yaratgan bo‘lsa, yozuvchi Javlon Jovliyevning teran mushohada uyg‘otuvchi go‘zal fikrlari sabab tinglovchilar adabiyotga va kitoblarga muhabbat qo‘yish, hayotga o‘tkir mulohazalar bilan boqish bo‘yicha bir qator foydali tavsiyalar oldilar.
O‘zbek adabiyotida o‘zi so‘zi va o‘rniga ega bo‘lgan ijodkorlar ishtirok etgan mazkur ijodiy uchrashuv ijod olamiga endi kirib kelayotgan yoshlar va adabiyot ixlosmandlari uchun nihoyatda foydali bo‘ldi.
Iroda Bekmurodova
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.