Samarqand davlat universiteti hamda Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlari universiteti hamkorligi

-O‘zbekiston va Vengriyaning tobora rivojlanib borayotgan bugungi munosabatlarida oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan hamkorlik muhim omil bo‘lib xizmat qiladi, - deydi Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE) rektori Chaba Dyurich, - Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti agrar sohada ertangi kun mutaxassislari tayyorlashda barqaror rivojlanish va yuqori sifatga erishish uchun qishloq xo‘jaligi, atrof-muhit muhofazasi, tabiiy landshaftlar, oziq-ovqat xavfsizligi, shu jumladan suv xo‘jaligi va qayta tiklanadigan energiyadan foydalanish tizimini boshqarish kabi yo‘nalishlarda ilmiy-akademik hamkorlikka tayyor. Bugungi kunda universitetimiz dunyoning 60 dan ortiq davlatlari bilan manfaatli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan. Samarqand davlat universitetiga tashrifimiz chog‘ida ushbu masalalarga oid bir qator amaliy takliflar ustida fikr almashdik. O‘ylaymanki, Samarqand davlat universiteti bilan hamkorligimiz dunyo bo‘ylab dolzarb mavzularda tadqiqotlar olib borish, ilm-fan olamida yangi ufq ochadigan kashfiyot va yangiliklar yaratish uchun muhim vosita bo‘ladi. Mazkur sohadagi munosabatlar xavfsiz va barqaror kelajak uchun poydevor bo‘lib xizmat qilishi, shubhasiz. Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti ushbu poydevorning bir qismini yaratayotganidan mamnun...
Samarqandda o‘tkazilayotgan Turkiy davlatlar tashkiloti sammiti doirasida O‘zbekistonga tashrif buyurgan Vengriya delegatsiyasi a’zosi, Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti (MATE) rektori, professor Chaba Dyurichning Samarqand davlat universitetiga tashrifi shu kabi muhim masalalarga qaratilgan amaliy takliflar bo‘yicha muhim kelishuvlar imzolanishiga imkoniyat yaratdi.
Martabali mehmonlarni Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov kutib oldi. O‘zaro muzokaralarda ikki tomon uchun ham muhim bo‘lgan sohalar: qishloq xo‘jaligi, agrobiotexnologiya, oziq-ovqat xavfsizligi, shu jumladan, bog‘dorchilik va sabzavotchilik, ekologiya va iqlim o‘zgarishi muammolari kabi yo‘nalishlarda hamkorlik aloqalarini kengaytirish, mazkur sohalarda keng miqyosda tajriba almashish maqsadida ilmiy almashinuv loyihalarini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
-O‘tgan yili SamDUda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Vengriya rektorlar forumidan so‘ng Samarqand davlat universiteti Vengriyaning bir qator nufuzli universitetlari bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan, - deydi Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi Rustam Xolmurodov, - Mazkur hamkorlik doirasida Samarqand davlat universitetining bir qator tadqiqotchilari Vengriya universitetlariga o‘qish va stajirovka uchun yuborilgan. Ayni paytda ular o‘z yo‘nalishlari bo‘yicha vengriyalik olimlar bilan birgalikda tadqiqot olib bormoqda. Mazkur tashrif ikki mamlakat o‘rtasida ilm-fan va ta’lim sohasidagi mustahkam hamkorlikni barcha sohalarda istiqbolli yo‘lga qo‘yishning muhim vositasi bo‘ldi. Ushbu aloqalardan asosiy maqsad aniq va tabiiy fanlar, qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat xavfsizligi, axborot texnologiyalar kabi bir qator sohalarda yetuk kadrlar tayyorlash, ikkala mamlakat uchun mushtarak bo‘lgan muammolarni birgalikda bartaraf etish bo‘yicha tadqiqotlar olib borish kabi dolzarb masalalarni ko‘zda tutadi.
Iroda Bekmurodova,
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi.
Shavkat Akramov olgan suratlar.