“Bilimsizlar jinoyatchilardan ko‘ra xavfli”

“Bilimsizlik insoniyat uchun eng qorong‘i tundir”. Ushbu hikmat muallifi buyuk Sharq faylasufi Konfutsiy bu borada ming karra haq edi. Negaki, ilm insoniyatni yuksaklikka ko‘tarsa, bilimsizlik uni faqat tubanlik, jarlik sari yetaklaydi. Bunga insoniyat tamaddunida misollar juda ko‘p.
Mustaqillikka erishganimizdan keyingi davrda davlat siyosati yangilandi, davlatchilik qurildi, lekin bu davrda muvaffaqiyatlar bilan birga, kechirib bo‘lmas xatolar ham bo‘ldi. Kamchiliklardan eng kattasi ilmga, bilimga e’tibor berilmagani. Maktablar, oliy o‘quv yurtlar ayanchli ahvolga kelib qoldi, erkak o‘qituvchilar maktabdan, oliy o‘quv yurtlaridan qochib ketdi.
2008-yilda 60 ga kirgan barcha akademik, professorlarni nafaqaga chiqarilishi haqida topshiriq bo‘ldi. Menimcha, mana shu eng katta xatolardan biri edi. O‘sha vaqtda fanda endi kuch-quvvatga yetgan vaqtim edi. Bir lahzada bor-budimdan ayrilganday bo‘ldim. Bu nafaqat men, balki butun O‘zbekistondagi akademik, professor, ziyolilar uchun og‘ir kechdi.
Ana shunday tushkunlikni boshdan o‘tkazayotgan vaqtimda chet davlatlarning nufuzli universitetlaridan dars berish takliflari tushgach, bor tajribam uzoq yillar boshqa mamlakat universitetlariga sarf bo‘ldi.
AQSh, Italiya, Rossiya va boshqa davlatlarning oliy o‘quv yurtlarida soham bo‘yicha dars berdim. O‘zbek akademik professorlarining ayrimlari men kabi chet elga chiqib, universitetlarda ishladi. Uyat bo‘lsa ham aytaman: ko‘plab ziyolilar o‘shanda “ippodrom”ga chiqib, savdo qildi. Nima qilarini bilmay, kirakashlik qilganlarni ham ko‘rdik. Yoshlarga ilm berish, kadr tayyorlash o‘rniga “ippodrom”da o‘tirib, “taksichilik” qilib yurish to‘g‘rimidi? Ilmga, bilimga e’tibor berilmagan davlatda, oliy o‘quv yurtlari, maktablar, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa sohalar tashlab qo‘yilgan mamlakatda qanday rivojlanish bo‘lishi mumkin?
Mana, endi ular qayta tiklanyapti. Fanlar akademiyasining juda ko‘p ilmiy tekshirish institutlari yopilib ketgandi. Bugungi siyosat natijasida ilmiy tekshirish institutlarining deyarli hammasi qayta ochilyapti. Ilm-fanga, ta’limga, xususan, ayollar ta’limiga, tadbirkorlikka e’tibor qaratilyapti.
2016-yil so‘nggida Prezidentimiz O‘zFA akademiklarini yig‘ib suhbat qurdi. Bunday voqea tarixda bo‘lgan emas. Akademik va professorlarga katta imkoniyat, sharoitlar yaratilyapti. So‘nggi yillarda yurtimizda xalqaro universitetlarning filiallari ochildi. Avvallari bunga imkon yo‘q edi. Men va ayrim hamkasblarim o‘tgan davrda O‘zbekistonda chet el universitetlaridan birining filialini ochgandik, lekin ming afsus, u ham yopib yuborilgandi. Bu juda achchiq xotira...
Birgina misol, yaqinda Sharof Rashidov nomidagi SamDUda Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ilmiy tekshirish instituti ham ochildi. 2017-yildan buyon hukumatimiz qarori bilan Samarqand davlat universitetida oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha ilmiy xalqaro konferensiya o‘tkazib kelinmoqda. Yurtimizda oxirgi vaqtlarda ko‘plab oziq-ovqat xavfsizligi bo‘yicha qaror va farmonlar chiqdi. Soha mutaxassisi sifatida shuni aytamanki, bu ishlar, eng avvalo, O‘zbekistonning eksport salohiyatining o‘sishiga, jahon bozorlarida mavqeining oshishiga xizmat qiladi. Bularning barchasini mening AQShdagi hamkasblarim olqishlayapti va katta qiziqish bildirmoqda.
Tan olish kerak, so‘ngi 25 yilda hatto o‘z ism-familiyasini to‘g‘ri yoza olmaydigan, chalasavod avlod vakillari ham yetishib chiqdi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaydi, afsus, ilm-fanda ham kimningdir qo‘llab-quvvatlovi yoki boshqa bir omillar bilan ilmiy darajalar olgan, miyasi bo‘m-bo‘sh odamlar bor. Ularning qo‘lidan hech vaqo kelmagach, ko‘chirmakashlik va boshqa qing‘ir yo‘llar bilan ham maqsadiga yetishga harakat qiladi, ammo zamon o‘zgaryapti. Bundaylarning davri ko‘p o‘tmay tugaydi. Yangilanayotgan jamiyatimiz endi ularni siqib chiqaradi baribir.
AQShning Garvard universitetida bo‘lganimda universitet kutubxonasidagi bir shior mening e’tiborimni tortdi: «Bilim olish azobi vaqtincha, bilimsizlik azobi umrbod». Garvard shu shiorga so‘zsiz amal qiladi. U yerda «iltimos» yoki «kimningdir falonchisi» kabi tushuncha yo‘q. Imtihondan o‘ta olmagan odam xafa ham bo‘lmaydi, o‘zini o‘qqa-cho‘qqa urib yugurmaydi. Indamay kutubxonaga kirib, kitobini o‘qib o‘tiradi va pulini to‘lab kelasi yil yana imtihon topshiradi. Hatto 5 yildan buyon imtihondan yiqilayotganlar bor ekan. Universitetning jami 80 ta katta-kichik kutubxonalari mavjud. Bitta universitetda 80 ta kutubxona-ya!
Yana bir qiziq ma’lumot: AQShning 46 nafar Prezidentidan 12 nafari Garvard universitetining bitiruvchisi. Dunyo milliarderlari mablag‘ining teng yarmi Garvard universitetining o‘quvchilariniki. Masalan, Bill Geyts, Mark Sukerberg, Devid Rokfeller va hakozo... Garvarddan jami 79 nafar Nobel mukofotining laureatlari yetishib chiqqan.
Aytmoqchi bo‘lganim, ilm-fanga e’tibor kuchli bo‘lgan mamlakatgina boy, qudratli bo‘la oladi. O‘zbekiston ham bugun shu yo‘lga qadam qo‘ydi. Vaholanki, bilimsizlar jinoyatchilardan ko‘ra xavfli.
Bakriddin Zaripov,
Samarqand davlat universiteti professori, akademik.