15-16 noyabr kunlari Samarqand davlat universitetida “Markaziy Osiyo yaylovlari: global muammolar va global imkoniyatlar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi. Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti direktori, dotsent Toshpo‘lat Rajabov mazkur konferensiyaning maqsadi va tashkiliy jarayonlari bilan bog‘liq ba’zi savollarga javob berdi.

    -“Markaziy Osiyo yaylovlari: global muammolar va global imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiyaning asosiy maqsadi nimalardan iborat?

    -Mazkur konferensiya Markaziy Osiyo mamlakatlarida yaylovlarni boshqarishni xalqaro tajribalar asosida takomillashtirish, ushbu sohadagi xorijiy va mahalliy olimlar hamda professional mutaxassislar o‘rtasida bilim va tajribalarni almashish hamda g‘oyalarni birlashtirishni maqsad qilgan.

    Bugungi kunda mazkur yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan bir qancha muammolar bor. Masalan shu kunga qadar yaylovlarni baholash usullari takomillashtirilmagan, ayniqsa yaylovlar degradatsiyasi va uning turli bosqichlarini baholashning ilmiy asoslari ishlab chiqilmagan, bu bo‘yicha olib borilayotgan tadqiqotlar va unga ajratilayotgan mablag‘lar yetarli emas. Yaylovshunoslik sohasida kadrlar yetishmovchiligi esa yana bir katta muammolardan biri sanaladi. Bugungi kunda respublika oliy ta’lim muassasalarida yaylov sohasiga tegishli faqat 1 ta bakalavr ta’lim yo‘nalishi (O‘simlikshunoslik (yaylov cho‘l o‘simlikshunosligi) va 1 ta magistratura mutaxassisligi (Yaylov fitomelioratsiyasi) mavjud bo‘lib, faqat 2 ta OTMda ushbu soha bo‘yicha atigi 31 ta kvota ajratiladi. Jahon tajribasiga nazar soladigan bo‘lsak, yaylovlar keng tarqalgan AQSHda 2020 yil hisobi bo‘yicha 25 ta universitetda yaylov ekologiyasi va boshqaruvi sohasida bakalavr, magistr va falsafa doktori darajalari berish tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Jahonda yaylov ilm-fani taraqqiy etgan rivojlangan davlatlar, xususan AQSH, Avstraliya, Germaniya, Islandiya kabi davlatlardagi ta’lim texnologiyalari mamlakatimiz ta’lim tizimiga joriy qilinishi zarur. Mazkur sohaga ixtisoslashgan alohida kafedralar va fakultetlar tashkil etilishiga katta ehtiyoj mavjud.

    Yaylovlardan foydalanishda ruxsat berilgan normalarga amal qilish va yaylovlardan foydalanish tizimini qat’iy nazorat qilish maqsadida respublikamizda yaylovlar boshqaruvining qonuniy va huquqiy-me’yoriy asoslari kuchaytirilishi zarur.

    Konferensiyaning asosiy maqsad va vaziqalari ham shu kabi masalalarga qaratilgan.

    -Anjumanga dunyoning qaysi universitetlaridan vakillar ishtirok etmoqda?

    -Mazkur anjuman xalqaro xususiyatga ega bo‘lgani uchun, unga dunyoning turli davlatlarida joylashgan nufuzli universitetlaridan vakillar qatnashishi kutilyapti. Masalan, AQSHning Nevada (Reno) universiteti, Yaponiyaning Tottori va Kioto universitetlari, Islandiya qishloq xo‘jaligi universiteti, Germaniyaning Rostok universiteti, Xitoy fanlar akademiyasi, Vengriyaning Seged universiteti hamda Botanika va ekologiya instituti, Turkiya Eskisheher Osmangazi universiteti, Mongoliya Tabiiy fanlar universiteti, Belgrad universiteti va Rossiyaning Moskva davlat universiteti shular jumlasidan.

    -Konferensiya shoʻbalari haqida ma’lumot bersangiz, ularda yaylov ekologiyasi va yaylovshunoslikning qaysi masalalari ko‘rib chiqilishi kutilmoqda?

    -Konferensiya “Yaylovshunoslik ilm-fanining hozirgi holati va uning yangi yo‘nalishlari”, “Yaylovlarni boshqarishdagi ijtimoiy va iqtisodiy muammolar”, “Yaylovga asoslangan chorvachilik va uni rivojlantirish istiqbollari”, “Yaylov ekologiyasi: o‘simlik, tuproq va hayvonot olami muhofazasi” kabi shoʻbalarga bo‘lingan holda faoliyat olib boradi.

    -Bugungi kunda o‘lkamiz yaylovlarining umumiy ahvoli qay darajada? Bu boradagi muammolarni yechishda anjumanning o‘rnini qanday baholaysiz?

    - Respublikamiz umumiy yer maydonining 47 foizini egallagan yaylovlarning tabiiy o‘simliklar qoplami bugungi kunga kelib katta xavf ostida qolgan, ularning maydoni tez sur’atlarda qisqarib bormoqda. Mutaxassislarning fikricha, so‘nggi 25-30 yil davomida respublika yaylovlarining 50-70 foizi inqirozga uchragan, 11 mln gektar yaylovlarning qayta tiklanuvchi yem-xashak hosil qilish potensiali izdan chiqqan va chorvachilik maqsadlarida foydalanish uchun yaroqsiz holatga kelgan.

    Keskinlashib borayotgan iqlim o‘zgarishi sharoitida yaylovlarning inqirozga uchrashi natijasida mazkur hududlardagi ekologik vaziyat keskinlashgan. Buning oqibatida qurg‘oqchilik darajasining ortishi, tuproq eroziyasining kuchayishi va chang-bo‘ronlarning hosil bo‘lish jadalligi kun sayin ortib bormoqda. Bunday vaziyat nafaqat ushbu yaylov hududlarida istiqomat qiluvchi 4 mln aholining, balki respublikamizning boshqa hududlarida istiqomat qiluvchi insonlarning turmush tarzi va salomatligiga jiddiy ta’sir o‘tkazadi.    

    Mazkur muammolar so‘nggi yillarda yaylovlardan foydalanish jarayonida ularning xo‘jalik imkoniyatlari mutlaqo hisobga olinmaganligi, yaylovlardan almashlab foydalanishning ilmiy asoslangan tartib-qoidalari va normalariga amal qilinmaganligi oqibatida vujudga keldi. Shuningdek, yaylov hududlaridagi o‘simliklar qoplamining bunday tarzda inqirozga uchrashi qator xavotirli oqibatlarga olib keladi. Jumladan, tabiiy o‘simliklar qoplamining yo‘qolib ketishi natijasida  yaylovlarning iqlim o‘zgarishi oqibatlarini yumshatishdagi potensiali keskin pasayib boradi. Bu esa ushbu hududlarda ekologik vaziyatning yanada yomonlashishiga olib keladi va aholining sog‘lom hayot kechirishiga katta salbiy ta’sir o‘tkazadi. Qolaversa, yaylov inqirozi ko‘lamining yil sayin ortib borishi ushbu hududda yem-xashak tanqisligining vujudga kelishiga sabab bo‘ladi. Oqibatda mahalliy aholining asosiy daromad manbai hisoblangan chorvachilik bilan shug‘ullanish imkoniyatlari keskin chegaralanadi. Shu nuqtai nazardan yaylovlar inqirozi qator ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning vujudga kelishiga olib keladi. Ushbu muammolarni hal qilish bilan bog‘liq bir qator vazifalar mavjud. Konferensiya shu kabi masalalarga xalqaro nigohda yechim topish, bu borada rivojlangan davlatlar tajribasidan foydalanish, shuningdek, muhim mavzularda fikr va takliflar almashish imkonini beradi.

    -Ma’lumotlarga ko‘ra, konferensiya doirasida Samarqanddagi ba’zi yaylovlarda amaliy seminarlar tashkil etilar ekan. Shu haqda batafsil ma’lumot bersangiz...

    -Anjumanning uchinchi kunida Samarqand viloyati hududidagi Qarnobcho‘l yaylovlarida AQSH ning Nevada universiteti va O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi “O‘zdaverloyiha” instituti bilan hamkorlikda yaylovlarni zamonaviy ekologik konsepsiyalar va aqlli texnologiyalar (dronlar) yordamida baholash bo‘yicha dala ilmiy-o‘quv seminari o‘tkaziladi. Shuningdek, dala seminari davomida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 20 gektar maydonda inqirozga uchragan maydonlarda yaylov o‘simlik urug‘lari ekish rejalashtirilgan. Ushbu maydonni kelgusida xalqaro hamkorlar bilan birgalikda SamDU ning Qurg‘oqchil mintaqa tajriba stansiyasiga aylantirish maqsad qilingan. 

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda Bekmurodova suhbatlashdi