Samarqand davlat universitetida o‘tkazilayotgan xalqaro konferensiya sinovdan o‘tgan xorij tajribalarni jamlash va o‘zaro almashish platformasiga aylanadi...

- Respublikamiz maydonining qariyb 50 foizi tabiiy yaylovlardan tashkil topgan. Ko‘pchilik nazarida mazkur yaylov hududlari jamiyatimiz uchun ahamiyati past maydonlar sifatida namoyon bo‘lishi mumkin. Aslida esa, ushbu hududlarda istiqomat qiluvchi 4 milliondan ortiq aholining sog‘lom turmush-tarzi va oilalarning farovonligi ko‘p jihatdan mazkur yaylovlar va undagi tabiiy resurslarga bevosita bog‘liq. Afsuski, so‘nggi yillarga kelib yaylovlardan oqilona foydalanish, ularni boshqarish va nazorat qilish tizimining izdan chiqib ketishi oqibatida qator muammolar yuzaga kelmoqda.
Bugun sir emaski, O‘zbekistondagi yaylov maydonlari insonlarning turli xo‘jalik faoliyati natijasida katta bosim ostida qolgan. Yaylov hududlarida tarqalgan o‘simliklar qoplami jiddiy o‘zgarishlarga uchramoqda. Millionlab gektar yaylov maydonlarining o‘simliklar qoplami siyraklashib, ularning yem-xashak hosildorigi bir necha barobarga kamaygan. Bunday keskin vaziyatning vujudga kelishi, o‘z navbatida shu yerda yashovchi aholining bugungi hayoti va kelajagiga katta xavf tug‘dirmoqda.
Shu nuqtai nazardan, yaylovlarning hozirgi kundagi holati asosli ravishda soha vakillarini, ayniqsa ushbu hududlarda yashovchi mahalliy aholini jiddiy tashvishga solmoqda. Sodir bo‘layotgan global iqlim o‘zgarishi sharoitida yaylovlarning inqirozga uchrash jadalligining yana-da ortib borishi bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratilishini taqozo etdi.
Yaylovlarda kuzatilayotgan muammolar faqatgina ilmiy asoslangan ishlanmalar va sinovdan o‘tgan tajribalar asosida hal etilishi mumkin. Men o‘ylaymanki, bugun Samarqand davlat universitetida o‘tkazilayotgan ushbu xalqaro konferensiya ana shunday ilmlarni va sinovdan o‘tgan xalqaro tajribalarni jamlash va o‘zaro almashish platformasiga aylanadi.
Feruz Abilov
Samarqand viloyati hokimining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosari