Samarqand davlat universitetiga Turkiyaning Chankiri Karatekin universiteti rektori, professor Harun Chiftchi boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi. Martabali mehmonlarni SamDU xalqaro hamkorlik bo’yicha prorektori Akmal Axatov qabul qildi.

    Tashrifdan asosiy maqsad ikki universitet o’rtasidagi xalqaro hamkorlik aloqalarini yaxshilash, professor-o’qituvchi va talabalar almashinuvini yo’lga qo’yish, kelishuv shartnomalarini  tuzishdir.

    Muzokaralar davomida delegatsiya vakillari Samarqand davlat universiteti faoliyati, o’quv-laboratoriyalari, professor-o’qituvchilarning ilmiy salohiyati bo’yicha batafsil ma’lumotga ega bo’ldi. Qolaversa, Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik qilishi ikki universitet uchun ham manfaatli bo’lishini alohida ta’kidladi.

    Mehmonlar SamDU qoshidagi Turkologiya ilmiy-tadqiqot instituti faoliyatini bilan tanishdi va unga katta qiziqish bildirdi. Institut faoliyati yaxshilanishi uchun hamkorlik qilishga tayyorligini va turkiyalik mutaxassislarni jalb qilishini bildirdi.

    - Chankiri Karatekin universiteti Turkiyaning eng yosh va rivojlanayotgan universitetlar sirasiga kiradi. Universitetimiz tarkibida 10 fakultet, 7 kasb-hunar maktabi, 2 kollej va 5 institut mavjud. Yigirma mingdan ziyod talaba tahsil oladi. Shundan 3.5 mingtasi xorijiy talabalardan iborat, - deydi Chankiri Karatekin universiteti rektori, professor Harun Chiftchi. – Bizning universitetimiz O’rta Osiyo va turkiy xalqlar bilan aloqalarni o’rnatish bo’yicha keng ko’lamli ishlarni olib bormoqda. Shuning uchun ham Samarqand davlat universiteti bilan hamkorlik qilishni maqsadga muvofiq deb bildik. Asosan, aniq va tabiiy fanlar, agrar sohani yaxshilash bo’yicha muzokoralar olib bormoqchimiz. Buning uchun hamkorlikda ko’proq ilmiy maqolalar va loyihalar ustida ishlashimiz kerak…

    Delegatsiya rahbari uchrashuv davomida agrar soha bo’yicha qo’shma magistratura ta’limini tashkil etish, Erasmus dasturi asosida akademik almashinuvni yo’lga qo’yish bo’yicha bir qator takliflarni ilgari surdi.

Behruz SHAMSIDDINOV

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.