Samarqand davlat universitetida “O‘zbekiston-Fransiya madaniy hamkorligi” mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi. Unda Samarqand davlat universitetiga Fransiyadan tashrif buyurgan tadqiqotchi va olimlar, universitet professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

    Seminarni Samarqand davlat universiteti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Akmal Axatov kirish so‘z bilan ochdi. Shundan so‘ng O‘zbekiston-Fransiya hamkorlik aloqalari haqida taqdimot namoyish etildi.

    Seminarda “O‘zbekiston yo‘llar kesishuvida” mavzusida ilmiy tadqiqot olib borgan INALCO - Fransiya Sharq tillari va rivojlanish milliy instituti professori Katerin Pujol o‘z ma’ruzasi bilan ishtirok etdi. Shuningdek, Fransiyaning Angulem universiteti tadqiqotchisi Eloiz Buatello “Buyuk Ipak yo‘li Luvr muzeyida” mavzusida taqdimot qildi. Taqdimotda Luvr muzeyi tashkil topish tarixi, bugungi faoliyati hamda muzey namunalari haqida atrolicha ma’lumot berildi.

    -Samarqand davlat universiteti dunyo bo‘yicha yuqori nufuzga ega bo‘lgan universitet, - deydi Angulem universiteti tadqiqotchisi Eloiz Buatello, - SamDU va Angulem universitetlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilgan ilmiy-akademik almashinuv dasturi doirasida ayni kunlarda Samarqand davlat universitetida tadqiqot olib boryapman. Mazkur seminar O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga tashrifi kunlariga to‘g‘ri kelgani ayni muddao bo‘ldi. Ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik siyosiy-iqtisodiy sohalar bilan birgalikda ijtimoiy-madaniy yo‘nalishlarda ham ustuvor yo‘lga qo‘yilgan. Seminarning “O‘zbekiston-Fransiya madaniy hamkorligi” deb nomlanishiga ham sabab shu. Seminarda Luvr muzeyidagi Buyuk Ipak yo‘li tarixiga oid namunalar haqida batafsil ma’lumot berishga harakat qildim. O‘ylaymanki, Angulem universiteti va Samarqand davlat universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari bundan keyin ham samarali davom etadi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.