Anjumanda respublikaning yetakchi fizik olimlari, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi institutlari mutaxassislari, turli oliy o‘quv yurtlar va ilmiy markazlardan 100 dan ortiq olimlar, SamDU professor-o‘qituvchilari va talabalar ishtirok etdi.

    Konferensiya ishida muhandislik fizikasining dolzarb muammolari, fundamental va amaliy muhandislik fizikasi va kondensirlangan moddalarning zamonaviy yo‘nalishlari, oliy o‘quv yurtlarida fizika fanini o‘qitish muammolari va ularni hal etish yo‘llari kabi masalalar ilmiy jamoatchilik nigohida muhokama qilindi.

    -Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ilm-fanning rivojlanishida oliy ta’lim muhim rol o‘ynaydi, - deydi Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Hakim Xushvaqtov, - Barcha rivojlangan davlatlarda ilm-fan bevosita oliy ta’lim vositasida rivojlanadi va hayotga tatbiq etiladi. O‘tgan davr ichida fizika ilm-fani va ta’limini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan bir qator tizimli ishlar amalga oshirildi. Ilmiy markazlarda faoliyat yuritayotgan fizik olimlarning ilmiy tadqiqot olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratildi. Fizika sohasidagi fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish hajmi bir yarim barobarga oshirilib, ilm-fandagi ustuvor muammolarni tezkor bartaraf etish, fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini kuchaytirish masalasiga hukumat darajasida e’tibor qaratilmoqda. Samarqand davlat universitetida ham fizika sohasi ustuvor yo‘nalish sifatida qaralib, bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda. Universitet qoshida tashkil etilgan muhandislik fizikasi institutida ham bugungi kunda fizika sohasida yechimini topmagan qator masalalar, sohada ta’lim sifati va ilmiy tadqiqotlar samaradorligini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshrish bo‘yicha muhim ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur konferensiya ham, tom ma’noda, fizika ilm-fanini yangi sifat bosqichiga olib chiqish hamda bu borada jahonning yetakchi mamlakatlarida to‘plangan boy tajribani respublikamiz miqyosida ommalashtirish maqsadida amalga oshirilgan ishlarning biridir. O‘ylaymanki, ushbu konferensiyada qabul qilingan qarorlar, berilgan takliflar fizika fanining rivojlanishiga munosib xizmat qiladi.

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati.

Shavkat Akramov olgan suratlar.