Samarqand davlat universiteti geografiya va ekologiya fakulteti ekologiya va hayot faoliyati xavfsizligi kafedrasi dotsenti biologiya fanlari nomzodi Leyla Belyalova nomi BMT tomonidan tashkil etilgan “Harakatning 17 qiyofasi” fotoko‘rgazmasida qayd etildi.

    Leyla Belyalova Samarqand davlat universitiyeti geografiya-ekologiya fakultetida faoliyat yuritish bilan bir qatorda Zarafshon davlat qo‘riqxonasi katta ilmiy xodimi sifatida Gʻarbiy Tyan-Shan tizmasining ornitologik bioxilma-xilligini saqlash bo‘yicha bir qator xalqaro loyihalar koordinatori hisoblanadi. “Butunjahon ekologik aksiyasi”, “Sprig aliva”, “World Migratory Day” xalqaro dasturlari ishtirokchisi. 2017 yilda “Birdlife International” xalqaro tabiatni muhofaza qilish tashkiloti tomonidan “Nature Hero’s” (Tabiat qahramoni) xalqaro mukofoti sohibasi bo‘lgan. 2018 yilda BBS talqini bo‘yicha dunyoning eng nufuzli 100 ayollaridan biri. Olimaning O‘zbekistonning tog‘ ekotizimlarini saqlab qolish va qushlar turlarini himoya qilish bo‘yicha tadqiqotlari hamda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi ishchi guruhi a’zosi sifatida olib borgan faoliyati jahon hamjamiyatini ham befarq qoldirmaydi. Olimaning BMT tomonidan tashkil etilgan “Harakatning 17 qiyofasi” fotoko‘rgazmasiga kiritilgani buning yana bir dalilidir.

    “Harakatning o‘n yetti qiyofasi” ko‘rgazmasi BMT tomonidan tasdiqlangan 2030 yilgacha barqaror rivojlanishning 17 maqsadiga nisbatan olingan holda turli sohalarda fidoyi mehnat qilgan faol 17 nafar ayollar faoliyati aks etgan suratlardan iborat. Loyihaning asosiy maqsadi – ayollarning zamonaviy dunyoda tutgan o‘rni, erkaklar bilan teng huquqli yangi, adolatli, farovon kelajak yaratish va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda qay darajada hissa qo‘shayotgani haqida jamiyatga ma’lumot berishdir. 

    -Mas’ul vakillar O‘zbekistondan tanlab olingan 17 ayol orasida mening ham borligimni aytishganida juda xursand bo‘ldim, - deydi Leyla Belyalova, -  Ammo bu qanday ro‘yxat ekanligi, nega aynan 17 kishi tanlab olinishi haqida ma’lumotga ega emasdim. Toshkentda bo‘lib o‘tgan “Harakatning 17 qiyofasi” fotoko‘rgazmasi butun dunyo bo‘ylab stereotiplarni buzishga muvaffaq bo‘lgan ayollar portretini jamlagan xalqaro loyihaning bir qismi hisoblanadi. Ko‘rgazma BMTning Jeneva bo‘limi hamda Shveytsariya ayollar assosiatsiyasi tashabbusi bilan tashkil etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, BMTning barqaror rivojlanish 17 maqsadi yo‘nalishlariga mos tarzda qashshoqlikka qarshi kurash, ta’lim va mehnat, atrof-muhit muhofazasi, suvni tejash, inson huquqlari, tinch va osuda hayot asoslarini ta’minlash kabi yo‘nalishlardan o‘n yetti nafar ayol tanlab olingan...

    BMT barqaror rivojlanish maqsadlarining har biri bevosita ekologiya sohasi bilan bog‘liq. Shuning uchun tanlab olingan nomzodlarning aksariyati ekologiya va atrof-muhit muhofazasi sohasida faoliyat olib borayotgan xotin-qizlardir.

    Ko‘rgazma ilk bor Ozarbayjonda tashkil qilingan. O‘zbekiston mazkur loyiha amalga oshirilgan ikkinchi mamlakat sanaladi. O‘zbekistonning 17 qiyofasi sifatida tanlab olingan har bir ayol endilikda bevosita BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha 17 elchisi hisoblanadi. Qahramonlar orasida tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ekologiya va atrof-muhit muhofazasi, institusional rivojlanish, ayollar huquqi himoyasi, iqtisodiyot, sport va IT texnologiyalari sohasidan vakillar bor.

    Ma’lumot uchun, 2023-yil Jenevada dunyoning turli davlatlaridan tanlab olingan BMT Barqaror rivojlanish elchilari fotosuratlarining yakuniy yirik fotoko‘rgazmasi bo‘lib o‘tadi.

Iroda Bekmurodova,

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati xodimi.