Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutining ilk magistrantlari dissertatsiya ishlarini himoya qildi…

Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutining himoyalangan yer meva-sabzavotchiligi ta’lim yo’nalishidagi ikki nafar magistrant dissertatsiya ishlarini himoya qildi.
Ushbu magistrantlar 2020-yil yanvar oyida o’qishga qabul qilinib, ikki yil davomida ilmiy izlanishlar olib bordi. Tadqiqotchilarning ishlanmalari muvaffaqiyatli himoya qilinib, komissiya a’zolari tomonidan munosib baholandi.
Agrokimyo kafedrasi professori Davlat Normurodov ilmiy rahbarligida tadqiqot olib borgan magistrant Javohir Ergashevning “Himoyalangan yerlarda pomidorning getrozisli duragaylarni o‘stirish xususiyatlari” mavzusidagi bajargan ishlari dala sharoitida va nazariy bilimlarga asoslangan bo’lib, professor-o’qituvchilar tomonidan alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, professor Sobir Sanayev ilmiy rahbarligida magistrant Muzaffar Roziqovning dunyo bozoriga endi kirib kelayotgan, qimmatbaho va shifobaxsh - porey piyozi bo’yicha olib borgan izlanishlari juda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
- “Himoyalangan yerlarda porey piyozi ko‘chatini yetishtirish usullarining o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligiga ta’siri” mavzusida izlanishlar olib bordim, - deydi magistrant Muzaffar Roziqov. – Ikki yil davomida amaliyot bilan nazariyani birlashtirgan holda bir qator natijalarga erishdim. Tadqiqotning asosiy maqsadi himoyalangan yerlarda porey piyozining turli duragaylarini ko‘chatini sochma va kvadratlab yetishtirish usullari o’rganishdir. Shuningdek, o‘suv davrida bargdan oziqlantirishning o‘sishi, rivojlanishi, hosildorligiga va hosil sifatiga ta’sirini baholashdan iborat. Tadqiqotning yangiligi esa, ilk bor Samarqand viloyati Oqdaryo tumanidagi axborot maslahat markazi va fermer xo‘jaligi sharoitida porey piyozining Linkolin F1 va istiqbolli Cizokrliy (Bolgarskiy) F1 kabi duragaylar urug‘lari plyonkali issiqxonalarda toza suv, Sila kremniya va Nanoplant eritmasida ivitilib, sochma va kvadratlab ekish usulida ko‘chat olish uchun ekib o‘rganildi. So‘ngra ushbu yetishtirlgan porey piyozi ko‘chatlari turli o‘sishni boshqaruvchi vositalar bilan bargdan oziqlantirilib mazkur duragaylarning o‘sishi, rivojlanishi va hosildorligi o‘rganilib, yuqori sifatli hosilli duragaylarni yetishtirish ilmiy asoslandi. Porey piyozi duragaylarini plyonkali issiqxonalarda turli o‘stirish usullarida yetishtirishning iqtisodiy samaradorligi hisoblandi va ishlab chiqarishga tavsiyalar berildi…
Behruz Shamsiddinov
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat Akramov olgan suratlar.