Joriy yilning 14-dekabr kuni K.Dusovning Telegram sahifasida SamDU sirtqi bo‘limi talabalari qoldirgan murojaat bo‘yicha quyidagilarni maʼlum qilamiz:

    Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti “Yurisprudensiya” yo‘nalishining imtihondan yiqilgan va kursdan kursga o‘ta olmagan talabalari muntazam ravishda universitet xodimlarini ayblab kelmoqda.

    Murojaatlarda asosan imtihonga kelmagan va javob yoza olmagan ayrim talabalar qanday qilib kursdan o‘tganligi misol keltirilgan. Ammo keltirilgan hujjatlarning birortasida ham rahbar xodim imzosi yoki muhri mavjud emas. Yuqoridagi savolga javob aniq: kredit-modul tizimi bo‘yicha fanni qayta o‘zlashtirish uchun to‘lovlarni amalga oshirgach, imtihondan qoniqarli baho olgan talabalar keyingi kursga o‘tkazilgan.

    Samarqand davlat universiteti sirtqi bo‘limida jami 9041 nafar talaba o‘qiydi. “Yurisprudensiya” yo‘nalishida tahsil oladigan 452 nafar talabadan uch maratoba yozma olingan imtihonlar boshqa oliy o‘quv yurtlari tomonidan tekshirilib, 251 nafarining ishlari qoniqarsiz baholangan. Imtihondan qoniqarsiz baho olib, murojaat qilgan talabalarning ishlari apellyatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan, ularga fanlarni o‘zlashtira olmaganligi uchun kursda qolayotgani tushuntirib berilgan.

    Xorijiy OTMning birinchi bosqichida yetarli darajada o‘qitilmagan talabalar yurisprudensiya sohasining bazaviy fanlaridan xabari yo‘qligi sababli keyingi bosqich fanlarini o‘zlashtira olmayapti.

    Aslida sirtqi bo‘lim talabalarining imtihonlari videokuzatuv kameralari o‘rnatilgan xonalarda o‘tkaziladi. Talabalar shaxsi pasport orqali tasdiqlangach, ismi-sharifi qarshisiga imzo qo‘yib, keyin imtihonga kiritiladi.

    O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 824-son qarori, 8-bobi, 42-bandida “OTM talabalarni kursdan kursga o‘tkazishda GPA ko‘rsatkichini mustaqil belgilash huquqiga egaligi, bunda GPA ko‘rsatkichi 2,4-3,0 oralig‘ida bo‘lishi” tavsiya etilgan. SamDUda bu 2,6 etib belgilangan. Bundan past GPA o‘tish balini to‘plagan talaba, bilim saviyasi pastligi tufayli kursdan kursga o‘tkazilmaydi.

    Hurmatli ota-onalar, farzandingiz muntazam mustaqil izlanib bilim olish o‘rniga, ijtimoiy tarmoqlarda universitet maʼmuriyati to‘g‘risida asossiz maʼlumotlarni tarqatayotganligi sababli kelgusida ushbu   talabalar va ularning ota-onalariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda javobgarlik masalasi ko‘rilishi mumkinligidan ogohlantiramiz.

    Hozirda ushbu murojaat mahalliy hokimlik va universitet maʼmuriyati tomonidan o‘rganilayotgan bo‘lib, bu haqda yana OAVda qo‘shimcha maʼlumot beriladi.

 

Samarqand davlat universiteti 

Axborot xizmati