Samarqand davlat universiteti filologiya fakultetida Alisher Navoiy tavalludiga bag’ishlab, “Alisher Navoiyning jahon ilm-fan va madaniyatida tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman o’tkazildi. Tadbirni SamDU Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha birinchi prorektori, professor Shahzoda Negmatova kirish so’z bilan ochib, anjuman ishtirokchilariga muvaffaqiyat tiladi.

    Konferensiyada Navoiyshunos olimlar “Alisher Navoiy hayoti va ijodining Rossiyada oʻrganilishi”, “Alisher Navoiy nasriy asarlarining zamonamizdagi ahamiyati”, “Kamol Xoʻjandiy va Alisher Navoiy”, “Germaniyada Navoiy ijodining o’rganilishi” mavzulari bo’yicha ma’ruza qildi.

    - Alisher Navoiy ijodiga bo’lgan qiziqish davrlar o’tishi bilan ortib bormoqda. Shoirning asarlari turli tillarga tarjima qilinib, o’rganilmoqda, tadqiq qilinmoqda, - deydi SamDU mumtoz adabiyoti tarixi kafedrasi doktoranti Orasta Omonova. – Shoir asrlarining Germaniya va unga yaqin hududlar, aniqrog’i, nemis tilidagi nusxalari ham uzoq o’tmishga borib taqaladi. Navoiy asarlarining nemis tiliga o’girilishi dastlab, bilvosita Yevropa tillariga qilingan tarjima orqali kirib bordi. Rus, italyan, ingliz, fransuz va boshqa bir necha tillar vositachilik vazifasini bajardi. Demak, shunday xulosa chiqadiki, dastlabki olmon tilidagi tarjimalar asliyatdan emas, balki ingliz, fransuz va boshqa tillar orqali amalga oshirildi va bu o’zbek mumtoz adabiyotining nemiszabon kitobxonlariga yetkazilishida jiddiy ahamiyatga ega bo’ldi…

Samarqand davlat universiteti

Axborot xizmati,

Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.