Samarqand davlat universiteti o‘simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiya kafedrasi dotsenti Flora Qobulova bilan suhbat

    -Ilm-fan sohasini tanlashingizga nima sabab bo‘lgan?

    -Men olimlar oilasida tug‘ilganman. Otam biologiya fanlari doktori, professor Jabbor Qobulov O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi edi. 50 yildan ortiq vaqt davomida Samarqand davlat universitetida faoliyat olib borgan. Otamning botanika ilmiga qo‘shgan hissasini butun ilmiy jamoatchilik hali-hanuz hurmat bilan tilga oladi. Asosiy ilmiy tadqiqot yo‘nalishi Markaziy Osiyo shumg‘iyasi biologik xususiyatlarini o‘rganish  bo‘lgan. Otam tomonidan kashf etilgan ko‘p shoxli bug‘doy navlaridan biri  e’tirof etilib, jahon bug‘doy navlari ro‘yxatiga kiritilgan.

    Bolaligimda otam hovlimizda har xil gullar, butalar va men nomini bilmagan turli xil o‘simliklarni parvarish qilardi. O‘sha paytlardanoq oddiy o‘tlarga o‘xshamaydigan bu giyohlar menga juda qiziq tuyilardi. Ulg‘aygach, tushundimki, otam bog‘imizda turli noyob dorivor o‘simliklarni yetishtirar ekan. Otamdagi dorivor o‘simliklarga, umuman yashil tabiatga bo‘lgan bu qiziqish menga ham o‘tgan. Keyinchalik bu qiziqish meni Samarqand davlat universitetining biologiya fakultetiga yetakladi. Shu tariqa biologiya fakulttetida o‘qiy boshladim. Endigina o‘qishni boshlagan vaqtlarim edi, bir kuni otam menga “Sibir sharoitida chakanda o‘stirish” degan kitob sovg‘a qildi. Kitob chakanda o‘simligining ba’zi biologik xususiyatlari va uni o‘stirish yo‘llari bo‘yicha tavsiyalardan iborat ekan. Otam menga Zarafshon vodiysida ham ushbu o‘simlik uchrashini aytib, “Agar qiziqsang, hali o‘rganilmagan ushbu dorivor o‘simlik ustida ilmiy tadqiqot olib borsang bo‘ladi”, deb tavsiya berdi. Kitobni katta qiziqish bilan o‘qib chiqdim. Shu tarzda Zarafshon davlat qo‘riqxonasi hududida chakanda o‘simligining biologik xususiyatlarini o‘rgandim.  Dastlab diplom ishi darajasida boshlangan ishim, keyinchalik kengayib, magistrlik, nomzodlik ishlariga aylandi. Mazkur mavzu bo‘yicha nomzodlik dissertatsiyasini himoya qildim. Shu kunga qadar 160 dan ortiq ortiq ilmiy ishlarim respublika va xalqaro nashrlarda e’lon qilingan. 

    – Ham ilmga, ham  uy, oila, farzand tarbiyasiga birday ulgurishga kuchni qayerdan topasiz, bu borada o‘qituvchilar, yosh olimlarga qanday tavsiyalar bera olasiz?

    – Turmush o‘rtog‘im, biologiya fanlari doktori, professor Zafar Ismoilov bilan bir soha vakili bo‘lganim uchunmi, hamisha ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishimni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Ilmiy ish bilan mashg‘ul bo‘lishim uchun hamma sharoitlarni yaratib berishga harakat qilgan. Qo‘riqxonalarga dala amaliyotlariga borish, ekspeditsiyalarda qatnashishim uchun hech qanday to‘siq qo‘ymagan. Albatta, bu jarayonda ayolning o‘zi ham berilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishi muhim hisoblanadi. Ilm-fanni sevgan inson u uchun vaqt ajratishga hamisha imkon topadi. To‘g‘ri, kezi kelganda farzandlarimga yetarli vaqt ajratmagan paytlarim bo‘lgan. Lekin, har bir xato va kamchiligimdan ibrat olib,  uni takrorlamaslikka qattiq harakat qilardim. Ikki farzandim bor. Hozirda ikkisi ham hayotda o‘z o‘rnini topgan. O‘g‘lim iqtisod, qizim  biologiya sohasidan ketgan. Maktabda biologiya fanidan dars beradi…

    –Asosiy tadqiqotingiz mavzulari chakanda o‘simligi bilan bog‘lanadi. Ushbu o‘simlikning qaday dorivor xususiyatlari bor?

    – Chakanda yovvoyi holatda Zarafshon daryosi vodiysida keng tarqalgan o‘simlik hisoblanadi, asosan, nam joylarda, daryo bo‘ylarida o‘sadi. Ayni paytda Qizil Kitobga kiritilgan noyob o‘simlik sifatida milliy qo‘riqxona muhofazasiga olingan. Bu o‘simlik Markaziy Osiyoda, Qirg‘iziston va Tojikistonda keng tarqalgan. Samarqand viloyatida tabiiy chakandazorlar, asosan, Zarafshon daryosi bo‘yida mavjud. O‘simlikning foydali tomonlari ko‘pligini hisobga olib, oxirgi yillarda chakanda plantatsiyalarini ko‘paytirishga katta e’tibor qaratilib kelinmoqda. Ayni paytda shogirdlarim bilan chakanda o‘simligini mikroklonal usulda ko‘paytirish bo‘yicha tadqiqiy ishlar olib boryapmiz. An’anaviy usulda o‘simlik urug‘i va qalamchalari bilan ko‘paytirilganda, ulardan ungan navlar o‘z sifati, u yoki bu xususiyatini qisman yo‘qotishi mumkin. Mikroklonal usulda bunday muammolar bo‘lmaydi. 

    Chakanda tarkibida ko‘plab foydali vitaminlar va biologik faol moddalar topilgan. Jumladan undagi A provitamini bolalarning rivojlanishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Chakanda yuqumli infeksion kasalliklarga qarshi dori vositalari ishlab chiqarishda ham qo‘llaniladi. Shuningdek, uning tarkibida odam qarishini sekinlashtiruvchi, yurak faoliyatini faollashtiruvchi moddalar ham aniqlangan. Chakanda mevasidan chakanda yog‘i olinadi, barglari antibakterial xususiyatga ega, poya po‘stlog‘ida serotonin moddasi bo‘lib, saraton kasalliklari profilaktikasida ishlatiladi. Chakanda mevalari tarkibida 20 dan ortiq vitaminlar, 190 dan ziyod biologik faol moddalar uchraydi. Chakanda unumdor turoqqa muhtoj emas. Atrofida suv bo‘lgan joylarda yetishtirish mumkin.

    –Bugungi kunda Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetida dorivor o‘simlarning biologik xususiyatlarni o‘rganish bo‘yicha qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

    –Universitetning botanika, o‘simliklar  fiziologiyasi va mikrobiologiya  kafedrasida bu borada salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda. Olimlar tomonidan bir qator dorivor o‘simliklarning morfobiologik xususiyatlari o‘rganilib, ko‘paytirishning yangi usullari ishlab chiqilmoqda. Xususan, topinambur, artishok, jing‘il va shu kabilar.

    – Hayotni suratda tasvirlab berish kerak bo‘lsa, siz chizgan rasmda qanday ranglar bo‘ladi?

    Eng avvalo qizil. Qizil rang g‘alaba, go‘zallik, hamisha birinchilik ramzi hisoblanadi.

    Fursatdan foydlanib,  8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Samarqand davlat universitetida faoliyat olib borayotgan barcha ayol xodimlar, professor-o‘qituvchilar va talaba qizlarni samimiy muborakbod etaman. Barchangizga sihat-salomatlik, oilaviy baxt, ishlaringizga rivoj va tinchlik-xotirjamlik tilayman.

 

Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda BEKMURODOVA suhbatlashdi.
Shavkat AKRAMOV olgan surat.