Eron matematika jamiyati prezidenti Samarqand davlat universitetida...
![](https://www.samdu.uz/upload/cover-images/640cacdfafa37-640cacdfafa3a-640cacdfafa3b-640cacdfafa3c.jpg)
Samarqand davlat universitetiga Eron matematika jamiyati prezidenti, Mashhaddagi Firdavsiy universiteti professori, Muhammad Sal Moslehyan tashrif buyurdi.
Matematika fakulteti professor-o‘qituvchilari, tadqiqotchi va talabalari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda eronlik professor bugun dunyo ilm-fani, xususan, matematik analiz sohasida amalga oshirilayotgan ilmiy tadqiqotlar, bu borada Eronda olib borilayotgan ishlar xususida to‘xtaldi.
-O‘zining go‘zal tarixi bilan butun dunyoda mashhur ko‘hna Samarqand shahriga birinchi kelishim, - deydi professor Muhammad Sal Moslehyan, - Qadimiy shaharning qadimiy oliy ta’lim muassasasi Samarqand davlat universiteti menda juda katta taassurot qoldirdi. 35 yildan buyon matematik analiz sohasida ilmiy tadqiqotlar olib borish bilan bir qatorda talabalarga dars berib kelaman. Bugun samarqandlik talabalarning ko‘zlarida ilm-fanga, matematikaga bo‘lgan qiziqishni ko‘rib quvondim. Faoliyatim davomida Eron matematika jamiyatiga tegishli bir nechta ilmiy jurnallarda bosh muharrir sifatida tahrir jarayonlarida ishtirok etaman. Ushbu jurnallarga qabul qilinayotgan o‘zbekistonlik olimlar va tadqiqotchilarning ilmiy maqolalarini kuzatib, shuni aytishim mumkinki, ular tomonidan taqdim etilayotgan tadqiqot natijalari yuqori ilmiy aniqlikka ega. Bugungi tashrif davomida Samarqand davlat universitetida matematik analiz sohasida dolzarb bo‘lgan mavzu va masalalarda ilmiy tadqiqotlar olib borilayotganiga guvoh bo‘ldim. O‘ylaymanki, Samarqand davlat universiteti va Firdavsiy universitetlari o‘rtasida yo‘lga qo‘yilayotgan do‘stona aloqalar bundan keyin ham samarali davom etadi.
-Bugungi uchrashuv biz uchun nihoyatda foydali bo‘ldi, - deydi matematika fakulteti magistri Davlat Kamoliddinov, - Tarixdan ma’lumki, Mashhad qadim zamonlardan beri dunyoning yetakchi ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Eronning eng yirik qadimiy kutubxona va madrasalari aynan mana shu shaharda joylashgan. Bugun ushbu tarixiy ilmiy maktabning zamonaviy namoyandalaridan biri Muhammad Sal Moslehyan bilan uchrashdik. Uchrashuv va suhbatlarda talaba va yosh tadqiqotchilar uchun muhim bo‘lgan masalalarda ma’lumotlar berildi, fikrlar almashildi...
Uchrashuv davomida talabalar mavzuga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar. Eronlik professor chet elda ilmiy tadqiqot olib borish hamda magistratura va doktorantura yo‘nalishlarida o‘qishni istagan talabalarga o‘zining tavsiyalarini berdi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar