“Ta’lim sifatini oshirish uchun uning har bir subyekti birday mas’ul va javobgar bo‘lishi kerak...”
![](https://www.samdu.uz/upload/cover-images/640f49249dcd3-640f49249dcd4-640f49249dcd5-640f49249dcd6.jpg)
Eron matematika jamiyati prezidenti, Firdavsiy universiteti professori Muhammad Sal Moslehian bilan suhbat
-Eron ta’lim tizimi haqida ma’lumot bersangiz? Bugun Firdavsiy universitetida matematika sohasi bo‘yicha qanday tadqiqotlar olib borilmoqda?
-Mashhad shahri qadim zamonlardan beri dunyoning yetakchi ilm-fan va madaniyat markazlaridan biri bo‘lib kelgan. Eronning eng yirik qadimiy kutubxona va madrasalari aynan mana shu shaharda joylashgan. Ko‘hna shaharga xos qadimiy ulug‘vorlik ilm-fan va madaniyat, ijtimoiy hayotning har bir jabhasiga ta’sirini o‘tkazmasdan qolmagan. Mashhadda mavjud katta madrasa va ta’lim maskanlarining o‘ziga xos davom ettiruvchisi sifatida Firdavsiy universiteti bugun o‘zining kuchli ilmiy salohiyati, ta’lim sifati va xalqaro maydondagi faolligiga ko‘ra Eron universitetlari TOP-5 ligiga kiradi. Bugungi kunda Erondagi 3 oliy ta’lim muassasasi dunyoning TOP-1000 universiteti ro‘yxatida dastlabki 400 talik safidan joy olgan hisoblanadi. Firdavsiy universiteti esa mazkur ro‘yxatning 800 taligidan o‘rin olgan.
Eronda maktab ta’limi 12 yilni tashkil qiladi. O‘quvchilar 6 yil boshlang‘ich maktabni tugatib, yana 6 yil yuqori maktabda tahsil olgach oliy ta’lim muassasalarida o‘qiydi. Bakalavriat bosqichi 4 yil davom etadi. Oliy ta’limdan keyingi ta’lim 2 yillik magistratura va 4 yillik doktorantura (PhD) ni o‘z ichiga oladi.
35 yillik ilmiy-pedagogik faoliyatim davomida 14 nafar PhD doktorantlarga ilmiy rahbarlik qildim. Hozir-da ularning ko‘pchiligi Eron fanlar akademiyasida faoliyat olib boradi. Eronda bakalavr bitiruvchilari 4 yillik ta’limni tugatayotganda albatta biror mavzuda ilmiy ish qilishlari shart. Shuningdek, tayanch doktoranturada tahsil oladigan tadqiqotchilarga stipendiya berilmaydi. O‘zbekistonda PhD talabalariga katta miqdorda stipendiya to‘lanar ekan. Bu juda yaxshi. Chunki, tadqiqotchi boshqa ishga chalg‘imasdan bor diqqatini ilmiy tadqiqotiga qaratadi. Bizda PhD tadqiqotchilar doimiy ish va ilmiy tadqiqotni baravar olib borishga majbur.
-O‘zbekiston va Eron o‘rtasida ilm-fan sohasidagi hamkorlik aloqalari qay darajada yo‘lga qo‘yilgan?
-Ishonch bilan aytishim mumkinki, ilmiy aloqalar juda samarali yo‘lga qo‘yilgan. Universitetda dars berish bilan birga 8 ilmiy jurnalning tahrir hay’ati a’zosi sifatida faoliyat olib boraman. O‘zbekistonlik olim va tadqiqotchilar ushbu jurnallarga tez-tez maqolalar yuborib turadi. Qabul qilinayotgan ilmiy maqolalarni kuzatib, shuni aytamanki, ular tomonidan taqdim etilayotgan tadqiqot natijalari yuqori ilmiy aniqlikka ega.
-Eron matematika jamiyatining faoliyati haqida to‘xtalsangiz?
-Eron matematika jamiyatining asosiy maqsadi mamlakat miqyosida matematika ilmiga oid tadqiqotlarni rivojlantirish, ko‘lamini kengaytirish hisoblanadi. Bugungi kunda mazkur jamiyatda 4 ilmiy jurnal faoliyat yuritadi. Ushbu jurnallarda dunyoning turli mamlakatlaridagi matyematik olim va tadqiqotchilar o‘z ilmiy izlanishlari natijalari bo‘lgan maqolalarini dunyo hamjamiyatiga havola qilib boradi. Shu bilan birga jamiyat a’zolari maktablar va oliy ta’lim muassasalari uchun darsliklar tuzish, ularda beriladigan misollar ustida doimiy ravishda ishlaydi.
-Matematika sohasida ta’lim sifatini oshirish uchun qanday tavsiyalar berasiz?
-Talabaga bilim berishni ekin ekishga o‘xshataman. Agar yer unumdor va unga ekilayotgan urug‘ sifatli va oliy nav bo‘lsa, undan olingan hosil ham barakali bo‘ladi. Agar urug‘ sifatli bo‘lsa-yu, yer unumsiz bo‘lsa yoki aksincha yer unumli bo‘lib urug‘ sifatsiz bo‘lsa kutilgan natijani bermaydi. Shunday ekan, talaba ham, uni o‘qitayotgan o‘qituvchi va universitet ham birday yaxshi bo‘lsagina yuksak ta’lim sifatiga erishish mumkin. Ta’lim sifatini oshirish faqat bir tomonlama jarayon emas. U uchun ta’limning har bir subyekti birday mas’ul va javobgar bo‘lishi kerak.
-Tashrifdan maqsad va rejalaringiz qanday?
-Samarqand davlat universitetida, matematik analiz va uning zamonaviy matematik fizikaga tatbiqi bo‘yicha yetakchi ilmiy maktab mavjud. Bu borada akademik Saidahmad Laqayev nomini alohida tilga olish joiz. Tashrif davomida aynan mana shu yo‘nalishdagi olimlar bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, sohaga oid dolzarb va muhim mavzularda izlanishlar olib borishni maqsad qilganmiz. O‘ylaymanki, ilm-fan yo‘lida boshlanayotgan do‘stona hamkorligimiz bundan keyin ham samarali davom etadi.
Suhbatdosh: Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi
Iroda BEKMURODOVA.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.