Samarqandning noyob daraxtlari haqida nimalarni bilamiz?
“Boburnoma”da keltirilishicha, dunyoga mashhur Amir Temur bog‘ va xiyobonlarida chinor, qayrag‘och, tol va teraklar bilan birga, chetdan keltirilgan eman, sarv, shamshod kabi daraxtlar ham ekilgan. Ularning ba’zilari hozirgacha saqlanib qolgan. Samarqand atrofidagi Konigil, Motrid, Chilustun mavzelari va Urgutdagi chinorlari uzoq yillik o‘tmishga guvoh tirik yodgorliklar bo‘lsa ajab emas…
Samarqandning maxsus reja asosida obodonlashtirilishi va ko‘kalamzorlashtirilishi XIX asrning oxirgi choragiga to‘g‘ri keladi. Bog‘bon- olim N.Korolkov Yevropa shaharlarining tajribasini o‘rganib, Samarqand sharoitiga mos 100 turga yaqin manzarali, sersoya va uzoq umr ko‘radigan nodir daraxt va butalarni ekishni tavsiya etgan. Bu ish XIX asrning oxirlarida amalga oshirilgan. Xuddi shu yilda hozirgi Universitet xiyoboni, Alisher Navoiy nomidagi shahar Markaziy istirohat bog‘i tashkil etilgan hamda Omonqo‘ton o‘rmon xo‘jaligiga asos solingan.
Samarqandning yangi shahar qismi qurilib, nodir daraxtlar ekilib ko‘kalamzorlashtirilgan. O‘sha davrda ekilgan daraxt turlaridan 30 ga yaqini hozirgacha saqlangan, qolganlari turli yillarda yo‘qolib ketgan. Shu kunga qadar saqlangan daraxtlar 140-150 yoshli asriy nodir daraxtlar bo‘lib, tabiiy botanik yodgorlik hisoblanadi.
Shahrimizning beqiyos tarixiy yodgorliklari kabi ular ham chet ellik sayyohlarni o‘ziga jalb etuvchi tabiat durdonalaridir.
Uzoq umr ko‘rishi bilan alohida ajralib turadigan ikki bo‘lakli ginkgo daraxti ming yilgacha yashaydi. Samarqand shahrida uning 150 yoshli 2 tupi o‘sadi. Ulardan biri Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti hovlisida, ikkinchisi shahar hokimiyati binosi hovlisida joylashgan. Ikki bo‘lakli ginkgo mevali daraxt sifatida foydalaniladi, barglari dorivorlik xususiyatiga ega. Minus 20° - 25 °C sovuqqa chidaydi.
Botqoq sarvi – bo‘yi 40 metrga, tana aylanasi 3 metrgacha yetadigan kuzda bargini to‘kuvchi, ajoyib manzarali relikt daraxt. Botqoqliklarda, daryo, ko‘l bo‘ylarida o‘sadi, qoziqsimon havoyi yer usti ildizlar hosil qiladi. 1874-yilda ekilgan. Hozirda shahar Markaziy istirohat bog‘idagi ko‘l hududida 5 tupi o‘sib turibdi. Sovuqqa chidamli, - 25°C darajada ham deyarli zararlanmaydi. Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti hovlisida 34 yoshli tupi o‘smoqda. Nihoyatda serhosil, har yili qubbalar hosil qiladi. Urug‘idan ko‘paytirish mumkin.
Virjinin archasi – yana bir nomi qalamdaraxt doimo yashil tusda bo‘lishi bilan e’tiborlidir. 1873-yilda ekilgan. Hozir shahardagi eski hovlilarda, shahar Markaziy istirohat bog‘idagi “Mo‘’jiza” amfiteatri atrofida, temiryo‘l vokzali hududidagi shifoxona binosi yonida, shahar hokimiyati hovlisida, Universitet xiyobonida o‘nlab asriy tuplari saqlangan.
Gigant sekvoyy adendron (mamont daraxti) – bo‘yi 130-135 metrcha, tana aylanasi 16-20 m., yirik, doimo yashil relikt daraxt. 4000 yilgacha yashaydi. 1872-yilda ekilgan yagona asriy tupi Samarqand davlat universiteti biologiya fakulteti hovlisida o‘smoqda, bo‘yi 7- 8 m, urug‘ hosil qilmaydi.
Livan kedri – balandligi 40 metrgacha, tana aylanasi 10-11 metrgacha boradigan, 3000 yilgacha yashaydigan ajoyib manzarali daraxt. Yog‘ochi juda qattiq va qimmatli qurilish materiali hisoblanadi. 1874-yilda ekilgan Samarqand shahridagi yagona asriy tupi Samarqand davlat universiteti bosh binosi hovlisida o‘sib turibdi. Har yili hosil beradi, urug‘lari yaxshi unadi. Hozirgi kunda Samarqand davlat universiteti tadqiqotchilari tomonidan biologiya fakulteti hovlisida 25-27 yoshli, 9-10 metrli tuplari o‘stirilmoqda.
Yurakbarg juka – manzarali daraxt. Shahrimizga 1875-1878-yilda keltirilgan. Bir nechta asriy tuplari Samarqandning Amir Temur, Mahmud Koshg‘ariy ko‘chalarida, Samarqand davlat universiteti bosh binosi hovlisida, shahar istirohat bog‘ida o‘sib turibdi. Har yili yaxshi hosil beradi. Urug‘idan ko‘paytiriladi.
Yapon soforasi (tuxumak) – bo‘yi 12 metrgacha, tana yo‘g‘onligi 1 metrgacha boradigan yumaloq shox-shabbali chiroyli, sersoya daraxt. 1875-1880-yilda ekilgan yirik asriy tuplari Abdurahmon Jomiy ko‘chasidagi shahar o‘lkashunoslik muzeyi hovlisida, Samarqand davlat universitetining biologiya fakulteti hovlisida o‘sadi. So‘nggi yilda ko‘kalamzorlashtirish maqsadlarida ko‘p ekilmoqda. Urug‘ hosildorligi juda katta. Urug‘idan tez ko‘payadi.
Qo‘ng‘ir eman – 300-400 yil yashaydigan daraxt. Samarqandda 1874-yilda ekilgan. Hozir shaharda o‘nlab asriy tuplari o‘sib turibdi. Ular Samarqand davlat universiteti bosh binosi va biologiya fakulteti hovlisida, Abdurahmon Jomiy, O‘zbekiston, Ibn-Xoldun, Alisher Navoiy ko‘chalaridagi hovlilarda saqlangan.
Xislat HAYDAROV,
Samarqand davlat universiteti botanika kafedrasi professori,
Zebiniso UMURZAKOVA, dotsent.