Yurtimizga biz orziqib kutgan borliqdagi uyg’onish va yangilanish timsoli bo’lgan Navro’zi olam kirib keldi. Bu betakror ayyomni har bir xonadon, har bir oilada “Xush kelibsan o’lkamizga Navro’zi olam, qadaming qutlug’ bo’lsin, yurtimizga tinchlik-omonlik olib kel” deb qarshi olish azaliy odatimizdir.

    Samarqand davlat universiteti Agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida Navro’z bayrami keng nishonlandi. Tantanali bayramda SamDU prorektorlari, universitet boshlang‘ich kasaba uyushma qo‘mitasi raisi, fakultet dekanlari, bo’lim boshliqlari va talabalar ishtirok etdi.

    Shuningdek, Samarqand davlat universitetiga yozgi maktab doirasida tashrif buyurgan Germaniyadagi Berlin texnika universitetining 15 nafar talabasi mehmon sifatida qatnashdi.

    Tadbirni Samarqand davlat universiteti o’quv ishlari bo’yicha birinchi prorektori Ahmadjon Soliyev kirish so’z bilan ochib, bayram bilan barcha ishtirokchilarni tabrikladi.

    Milliy qadriyatlar va urf-odatlarni aks ettirgan ushbu bayramda talabalar tomonidan turli xil kuy-qo’shiqlar, laparlar ijro etilib, sahna ko’rinishlari namoyish etildi.

    Bayram ko’tarinki ruhda o’tkazilib, barchaga manzur bo’ldi.

    - Samarqandga birinchi bor tashrif buyurishim. Men Samarqand haqida eshitgandim, lekin ko’p ma’lumotga ega emasdim, - deydi Germaniyaning Berlin texnika universiteti talabasi Angelina Yashina. – Shahringiz menga juda yoqdi. Milliylik, insoniylik a’lo darajada. Xalqingiz mehmondo’st, insonlari bir – biriga juda g’amxo’r. Qadriyat va urf-odatlarini yo’qotmagan holda an’analarini davom ettirib kelmoqda. Ayniqsa, bugungi Navro’z bayrami menda o’zgacha taasurot qoldirdi. Qizlaringizning milliy kiyimlariga havas qildim, ular juda chiroyli va jozibador. O’qituvchi va talabalarning aksariyati rus va ingliz tillarida bemalol muloqot qila olishi meni juda xursand qildi. Men yana O’zbekistonga kelishga qaror qildim. Bu safar oilam bilan sayohat qilaman. Barchangizga bayram muborak bo’lsin!

    

    Samarqand davlat universiteti

    Axborot xizmati,

    Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.