“Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki”
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati aʼzosi Rustam Xolmurodov talabalar bilan “Konstitutsiya meniki, seniki, bizniki! Konstitutsiya o‘zimizniki” shiori ostida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida SamDU rektori Rustam Xolmurodov Konstitutsiyaviy islohotlar mamlakat hayotining barcha jabhalarida kechayotgan tub o‘zgarishlarning uzviy qismi bo‘lib, ularning mustahkam huquqiy asosini yaratish, inson shaʼni va qadr-qimmatini qonun darajasida taʼminlash hamda Asosiy qonunimizni jamiyatdagi islohotlarga moslashtirishda muhim hodisa ekanligini alohida taʼkidladi.
– Konstitutsiya davlatning Asosiy qonuni bo‘lib, shaxs, jamiyat va davlatning o‘zaro munosabatlarini tartibga soladi - deydi SamDU rektori Rustam Xolmurodov. - Har qanday meʼyoriy hujjat qonun, farmon, qaror yoki boshqa bo‘ladimi avvalambor Konstitutsiyaga asoslanadi. Bugun hayotimizning har bir jabhasida tub o‘zgarishlar bo‘lmoqda. Shunday sharoitda ijtimoiy soha, iqtisodiyot, madaniyat va barcha sohalarda muhim yangilanishlarga befarq bo‘lmaslik har bir insonning o‘z Vatani oldidagi burchidir. So‘nggi yillarda yoshlar uchun, ularning sifatli taʼlim olishi va yetuk kadr bo‘lib yetishishlariga keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Bunga monand tarzda ular tomonidan erishilayotgan yutuqlar salmog‘i ham kundun-kunga oshib bormoqda. Bu yutuqlar, huquq va erkinliklar hamda imkoniyatlardan nafaqat hozirgi, balki kelajak avlodlarimiz ham foydalanishi uchun ularni Konstitutsiya bilan belgilab qo‘yish lozim.
Uchrashuv davomida Qonun loyihasiga kiritilayotgan yangiliklar to‘g‘risida, shuningdek, referendum o‘tkazish tartibi, unda ishtirok etish bo‘yicha yoshlar tashabbuslari hamda takliflari tinglandi. Mavzuga oid savollarga javob berildi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat Akramov olgan suratlar