Samarqand davlat universiteti biologiya fakultetida tanlov fanlar qanday tarzda olib borilmoqda?
![](https://www.samdu.uz/upload/cover-images/6426a54aa9b43-6426a54aa9b44-6426a54aa9b45-6426a54aa9b46.jpg)
Samarqand davlat universiteti o’simliklar fiziologiyasi va mikrobiologiyasi kafedrasi professor-o’qituvchilari biologiya fakulteti talabalariga “Madaniy o’simliklarni yetishtirish (Tanlov fan) fanidan dars mashg’ulotlarni olib bormoqda. Ushbu fan madaniy o’simliklarning kelib chiqish markazlari, madaniy o’simliklarning sistematik guruhlari, fiziologik xususiyatlari, yetishtirish agrotexnologiyasi va ularning ahamiyati kabi mavzularni o’z ichiga oladi.
Shuningdek, o’rganilgan bilimlarni mustahkamlash maqsadida amaliyot darslarida bir qancha madaniy ekinlar talabalar tomonida ekilib, ularning turli morfologik va fiziologik belgilari o’rganilmoqda.
Ayniqsa, xalq xo’jaligida keng tarqalgan madaniy o’simliklar, xususan, mosh, loviya, makkajo’xori, qalampir, pomidor, no’xat, bug’doy kabi o’simliklar talabalar tomonidan ekilib, ularga turlicha harorat, yorug’lik va o’g’itlar ta’sir ettirib o’simliklarda sodir bo’ladigan morfofiziologik o’zgarishlar o’rganilmoqda.
Qiziqarli tomoni shundaki, talabalar tomonidan ushbu fanga nisbatan qiziqish juda ortib bormoqda va o’zlari ekkan o’simliklarni mehr bilan parvarish qilib, yangi bilim va tajribalarni o’rganmoqdalar.
- Bugun dunyoda sodir bo’layotgan oziq-ovqat muammolarini hal qilish va ular xavfsizligini ta’minlash uchun yangi, ozuqabop va mahsuldor turlarni yaratish juda muhim hisoblanadi, - deydi kafedra o’qituvchisi Abdubakir Qo’shboqov. - Shunga ko’ra madaniy o’simliklarning morfologik va fiziologik ko’rsatkichlarini yaxshi o’rganish ushbu o’simliklarning tashqi muhitning turli omillariga munosabatini va o’sish xususiyatini o’rganishda juda muhim. Biz talabalar bilan olib borayotgan tadqiqotlarimizda zamonaviy laboratoriyalar bilan ishlash ham muhim rol o’ynaydi. Ayni vaqtda olib borayotgan izlanishlarimiz uchun Samarqand davlat universitetida barcha sharoitlar yaratilgan. Shuningdek, kun sayin yuqori texnologiyalar bilan ishlashni amalga oshirmoqdamiz…
- Tanlov fanimiz kun sayin bizning qiziqishimizni orttirmoqda. Sababi, nazariya bilan birga amaliyot mujassamlashgan, - deydi biologiya fakulteti talabasi Zuhra Badalova. - Ayni vaqtda gulkaram, no’xat, loviya, pomidor urug’laridan zamonaviy usulda ko’chat olish bo’yicha tadqiqot olib bormoqdamiz. Bu izlanishlarimizni dalaga chiqmasdan laboratoriya sharoitida bajaryapmiz. Buning afzalligi shundaki, havo harorati, namlik, harorat kabi omillarni nazorat qilish osonroq.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.