Katta rezonans
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zosi, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti rektori, professor Rustam Xolmurodovning “Xalq so‘zi” gazetasining shu yilgi 11 aprel sonida bosilgan “Millat uchun hayot-mamot masalasi” maqolasi jamiyatimizda katta rezonans berdi. Chunki unda yangi O‘zbekistonimiz buguni va kelajagi uchun o‘ta muhim bo‘lgan masala, ya’ni ta’lim-tarbiya tizimini takomillashtirish orqali milliy g‘oyani mustahkamlash muammosi ko‘tarilgan.
Bu – o‘ta dolzarb masala. Chunki hozirgi zamonda inson omili taraqqiyotning hal qiluvchi omiliga aylangan, ishlab chiqarishni rivojlantirish, xizmatlar turini ko‘paytirish va takomillashtirish, turmush sharoitini yaxshilash uchun bilim va tafakkur – zarur. Yer yuzida qaysi mamlakatki, yuksak taraqqiyotga erishgan bo‘lsa, buni xalqining aql-tafakkuri, ilm-fan yutuqlarini o‘zlashtirib, oqilona foydalanishi, ta’lim-tarbiya tizimini yaxshi yo‘lga qo‘ygani evaziga qo‘lga kiritgan.
Mamlakatimizda bu borada ko‘p ishlar amalga oshirilganiga qaramay, zamon talablari darajasiga yeta olmadik. Ta’lim-tarbiya tizimida parokandalik amalda hayotning umumtaraqqiyotida sustlikka olib keladi. Maqola muallifining yozishicha: “Taraqqiyotda dunyoning rivojlangan, rivojlanayotgan davlatlaridan emas, yonimizdagi mamlakatlardan ham orqada qoldik”. Bu esa – o‘rta asrlarda umumbashar ilm-fani, aql-tafakkuri, madaniyati, adabiyoti va san’ati rivojiga ulkan hissa qo‘shgan bir mamlakat va uning xalqi uchun juda achinarli bir hol.
Professor R. Xolmurodov ta’lim tizimini yaxshi biladi. Suyagi shu sohada qotgan. Bir muddat Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ham ishlagan. Shuning uchun u mustaqillik yillarida bu borada yo‘l qo‘yilgan ayrim xato va kamchiliklarimizni ham ro‘y-rost ko‘rsatadi. Jahonning ta’lim-tarbiya sohasidagi ilg‘or tajribalaridan o‘rganishga da’vat etadi.
Bugungi kunda mamlakatimizda oliy ta’lim kengayib ketdi. Mamlakatimizda hozir 210 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat olib boryapti. Ularda jamiyat uchun kerakli turli-tuman kasblar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanyapti. Mamlakatimizda, jumladan, oliy ta’lim tizimida ham ilmiy darajalar olish uchun dissertatsiyalar yozib, himoya qilish son va sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarildi. Birgina filologiya sohasini olganimizda ilgarilari respublikamizda bor-yo‘g‘i bir doktorlik, bir-ikki nomzodlik ilmiy darajalarini beradigan ixtisoslashgan ilmiy kengash ishlar edi, xolos.
Hozir-chi? Mamlakatimizning ko‘plab ilmiy va oliy ta’lim muassasalarida shunday kengashlar ishlab turibdi. Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) tayyorlaydigan tayanch doktorantura va filologiya fanlari doktori (DSc) tayyorlaydigan doktoranturalarga qabulning ham soni keskin ko‘paydi. Doktorantlar uch yil davlat byudjetidan olinadigan, oliy ta’limda ishlab turgan o‘qituvchilar maoshidan kam bo‘lmagan stipendiyalar olishadi. Berilgan bu qulay imkoniyatlar tufayli tayanch doktorant va doktorantlar orasida o‘qish muddatini ishini yozib tugallash, muhokamadan o‘tkazish, hatto, yoqlash soni ham ortdi. Bu esa ilmiy tashkilotlar va oliy ta’lim muassasalarini yetuk kadrlar bilan ta’minlash imkonini beryapti.
Maktabgacha va maktab ta’limi borasida ham jiddiy siljish yuz berdi. Eng muhimi, bu soha xodimlarining majburiy mehnat, ayniqsa, qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etilishiga qonunan chek qo‘yildi.
Professor R. Xolmurodov ta’lim tizimini takomillashtirish orqali mamlakat va xalqni yuksak taraqqiyot shohsupasiga olib chiqish mumkinligi g‘oyasini qattiq turib ilgari suradi. Umri oliy ta’lim tizimida o‘tgan bir keksa pedagog sifatida kamina maqoladagi pozitsiyani to‘la qo‘llab-quvvatlayman.
Muslihiddin Muhiddinov,
filologiya fanlari doktori, SamDU professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi.