gap egasini topadi...

    Yuz jafo qilsa manga, bir qatla faryod aylamon,

    Elga qilsa bir jafo, yuz qatla faryod aylaram...

    Alisher Navoiyning ushbu satri bugungi kunlarimizga naqadar hamohang.

    Samarqand davlat universiteti xalqimiz uchun muqaddas dargoh. U bizning onamiz. Uning sha’niga aytilayotgan har bir salbiy gap mening yuragimga o‘qday qadaladi.

    SamDU degani bu bir to‘da imtihondan yiqilgan,  imtihondan o‘tish uchun hech narsadan qaytmaydigan talabalar emas...

    Shu kunlarda, ijtimoiy tarmoqlarda, Samarqand davlat universiteti atrofida yuz berayotgan tuhmat va bo‘htonlardan ko‘nglim og‘ridi.

    Bu fitnalarning boshida turganlarga Allohdan insof so‘ragan holda ba’zi bir fikrlarimni bayon etmoqchiman.

    Biz qanday xalqmizki, na olimni,  na ilmni, na ta’limni qadrlamaymiz. Ularni og‘zimizga kelgan gaplar bilan haqorat qilamiz, kamsitamiz.

    Imtihondan yiqilgan bir to‘da talabalarni bahona qilib, Samarqand davlat universitetini oyoq osti qilishga, universitetning asriy shon-shuhratini yerga urishga hech kimning haqqi yo‘q.

    Ijtimoiy tarmoqlarda SamDU haqida tarqatilayotgan ig‘volarga befarq bo‘lmasligimiz kerak deb o‘ylayman.

    SamDU da faoliyat ko‘rsatayotgan 1000 yaqin professor-o‘qituvchilar sha’nini bulg‘ayotganlarga tomoshabin bo‘lib turish, ularning haqoratlariga sukut saqlash maqsadga muvofiq  emas, deb hisoblayman.

    Talabaga domlani videoga olishni buyurayotganlar, ustidan yozishni o‘rgatayotganlar, tuhmat qilishga undayotganlar ma’naviy qashshoq kimsalardir.

    Ularga savol bergim keladi: O‘zing shu xalq uchun nima qilgansanki olimni xo‘rlayapsan, izzat nafsiga tegyapsan.  Seni ham domla o‘qitgandir. Nahotki ota-onang shunday tarbiya bergan bo‘lsa.

    Samarqand davlat universiteti rektori Rustam Xolmurodovning sha’niga aytilayotgan gaplarni eshitib, o‘qib yo alhazar deyman. Men shu kungacha 15 ga yaqin rektorlar bilan birga ishlagan bo‘lsam birortasi SamDU uchun Rustam Xolmurodov darajasida xizmat qilgani yo‘q.

    Rustam Xolmurodovni muhokama qilishga  ma’naviy haqlaring yo‘q. Hukm chiqarishga ham. Domlaning kimligini el-yurt yaxshi biladi.

    Samarqand davlat universitetida jahonshumul ishlar qilinmoqda. Qurilish-bunyodkorlik avjida. SamDU butunlay zamonaviy ta’lim dargohiga aylanmoqda. Bu ezguliklarni ko‘rish uchun qalb ko‘zi ochiq, yurak toza bo‘lishi kerak.

    Qachongacha yaxshi rahbarlarning qadriga yetmaymiz? Ularning ishlariga xalaqit beramiz. Sog‘lig‘iga putur yetkazamiz. Asabini buzamiz, Tuhmat qilamiz. Obro‘sizlantirishga harakat qilamiz.

    To‘g‘ri Rustam Xolmurodovning  ishlari, halolligi, talabchanligi kimlargadir yoqmasligi tabiiy.

    Oliy ta’lim dargohidagi 50 yillik tajribam shuni ko‘rsatadiki o‘qigan talabaga, bilimli talabaga hech kim kerak emas. U faqat o‘zining bilimiga tayanadi. U o‘qituvchisini yomon otliq qilmaydi. Universiteti ustidan mag‘zava ag‘darmaydi.

    Eng afsuslanarlisi, achinarlisi bundaylarni qo‘llab-quvvatlovchilarning borligidir. Ularni oyoqlantirayotganlarni, tegirmoniga suv qo‘yayotganlarga achinaman.

    Bugun Samarqand davlat universiteti va uning rektori va jamoa  muhim ishlar bilan band.

    Mustaqillik bayrami arafasida o‘nga yaqin o‘quv binolari, laboratoriyalar, talabalar turar joylari ishga tushadi. Yangi biokimyo, inson resurslari va mahalla instituti tashkil etiladi.

    Iltimos xalaqit bermanglar. Shu kungacha biror ishni qoyil qilganingizni, odamlarning og‘irini yengillatganingizni  bilmayman. Eshitmaganman. Hech bo‘lmasa to‘sqinlik qilmang...

    Tuhmat yomon. Uning uchun narigi dunyoda ham so‘roq-javob bor. Bir insonning ko‘nglini og‘ritishni mashoyihlarimiz ka’bani vayron qilganga tenglashtiradi...

 

Samarqand davlat universiteti professori,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi
Muslihiddin MUHIDDINOV feysbuk sahifasidan olindi