Oliy ta’lim haqida tasavvurlarimiz o‘zgarmas ekan, bu sohada o‘zgarishlar bo‘lishi qiyin. OTMlarda keyingi yillarda ko‘zga ko‘rinadigan ishlar olib borilmoqda.
    Shunday universitetlardan biri SamDU hisoblanadi. Ilmiy va pedagogik salohiyat jihatdan nafaqat respublikamiz, balki MDHda ham o‘z o‘rniga ega.     Mamlakatimizga sifatli kadrlar yetishtirib berishda peshqadam OTMlardan hisoblanadi.
    Bugun quloqqa eshitilayotgan ayrim xunuk gaplar universitet nufuziga soya sola olmaydi. 
    Keyingi yillarda qamrovni kengaytirish masalasida qabul kvotalarining oshirilishi, ko‘pchilikka o‘qish imkoniyatining berilishi ayrim muammolarni keltirib chiqarmoqda. Aslida bilimli, bilimga intiladigan talabadan o‘qituvchi biror nima ta’ma qilmaydi. Buni uzoq yillar universitetda dars bergan bir o‘qituvchi sifatida bilaman.
    Talabalar o‘qish mashaqqatidan qochishga, yengilroq yo‘llarini izlashga intiladi. O‘qituvchiga doim noqonuniy variantlarni talabalar taklif qiladi. Bu bilan domlalar hammasi oppoq, talaba qora demoqchi emasman, guruch kurmaksiz bo‘lmaydi. 
SamDUda, umuman universitetlarda iltimosga baho oladigan talabalar juda ko‘p bo‘lardi. O‘zim ham dars o‘tgan paytlarimda o‘zlashtira olmaydigan talabaning orqasidan tanish bilish, ota-onasigacha kelar edi. Bu xolis baholashga to‘sqinlik qiladi, albatta. Keyin talabalar psixologiyasida yarim yil "yallo" qilib yurib, sessiyada iltimos yoki boshqa yo‘llar bilan baho olish fikri turadi.
    Har qanday OTM da intilayotgan, tinmay o‘qiyotgan talabaga yordam beriladi. Menimcha, baholash mutlaqo xolis bo‘lishi kerak. SamDU da tashkil etilgan baholash markazi bir muncha xolislikni ta’minlaydi.
    Umuman, baholashni raqamlashtirish tarafdoriman. Hozircha o‘tgan darsi bo‘yicha yakuniy baholashni o‘qituvchi ixtiyoriga berib bo‘lmaydi.
    Har qanday sohada jazo muqarrarligi ta’minlanmas ekan, rivojlanish bo‘lmaydi. O‘qimagan imtihondan o‘ta olmasa, kursdan kursiga qolsa, bundan fojea yasamaslik kerak. Dunyoda bir kursga 100 talaba qabul qilinsa, shundan 35 tasi bitiradi. Bu normal holat. 
    Shu ma’noda, SamDU tajribasida o‘zlashtira olmagan talabaga baho qo‘ymaslik to‘g‘ri yondashuv deb o‘ylayman. Qachondir shunday qilinishi kerak.     Universitet shunday og‘ir lekin samarali yo‘lni tanladimi, bunday noroziliklar bo‘lishi mumkin. Bola kasal bo‘lsa, unga konfet bermaysizku, shifokor ukol qiladi, bu bolaga yoqmaydi, tabiiy, ammo uni kasaldan tuzatadi.
    Xalqimiz bu jarayonni to‘g‘ri tushunishi kerak. O‘qituvchilar orasida ham insofsiz, muttahamlari yo‘q emas, ular nafsi uchun vaziyatdan foydalanishi mumkin, zero qo‘lidan hech bir ish kelmadi. 
    Katta ilmiy maktablari, salohiyatli olimlari buyuk o‘tmishi bor bunday universitetning obro‘si mayda-chuyda gaplar bilan tushib qolmaydi.

    Pedagogika fanlari doktori Gʻofir Hamroyev feysbuk sahifasidan olindi