Universitetda rus tilida o‘qiydigan guruhlar ko‘p. Men o‘zim ishlaydigan fakultetimni yaxshi bilaman. Har yili rus guruhlariga dars o‘taman. O‘tgan o‘quv yilida kimyo fakultetining 1-kurs rus guruhida 16 ta talaba o‘qidi. Ularning uchtasi maktabni rus tilida tugatgan, qolgan 13 tasi o‘zbek tilida o‘qigan. Rus tilida dars o‘tsang, umuman tushunishmaydi. Minimal ball bilan universitetga qabul qilingan. Bu talabalarning 3 tasida 3-4 baholik bilim bor. Boshqalari esa universitet talabiga javob bermaydi. Shunga qaramasdan jami 8 tasiga baho qo‘ydim. Qolgan 8 tasining bahosi ikki. Ularni yana shuncha vaqt o‘qitsam ham ular qoniqarli baho ololmaydi. Boshqa tajribali yoshi katta o‘qituvchilar ham 1 va 2 semestrlarda ularning deyarli yarmiga baho qo‘yishmagan.
    Chet ellarning OTM lari boshqa mamlakatlarning abituriyentlarini o‘qishga qabul qilishda birinchi navbatda ularning ingliz tilini qay darajada bilishini aniqlaydi. Shuning uchun IELTS sertifikati so‘raydi, shu tilda intervyu o‘tkazadi. O‘zbek va tojik tilida maktablarni tugatganlarni rus guruhlariga qabul qilishda rus tilini bilishi bo‘yicha shunday sinov o‘tkazdingizmi? Afsuski, buni hatto o‘ylab ham ko‘rishgani yo‘q. Qabulni SamDU rahbariyati professor-o‘qituvchilari o‘tkazgani yo‘qku.
    Bu yil kimyo fakultetining kechki bo‘limini 3 guruh talaba tugatdi. Ularning aksariyati chet ellarning OTM lariga o‘qishga kirishgan. Bir yildan keyin vazirlik ularni O‘zbekistonga qaytarib SamDU ga yuborgan. Ularning 80% ni bilimi talabga javob bermasdi. Shuning uchun mening fanimdan ularning qariyb 80 % baho ololmagan. Endi savol tug‘iladi? Bularni o‘qishga kim qabul qilgan? Ular savodi bo‘lmaganligi uchun ijobiy baho ololmasa, SamDU rahbariyatining professor-o‘qituvchilarning qanday aybi bor?
    Xuddi shunday yaqinda magistraturaning 1 kurs talabalari mening fanimdan yozma imtihon topshirishgan. Imtihon natijalarini boshqa OTM ning o‘qituvchilari tekshirishgan. Ikki baho olgan 5-6 talaba ishni apellyasiyaga berishgan. Komissiya bizlarni chaqirib baho to‘g‘ri qo‘yilganmi noto‘g‘rimi tekshirib natijasini ayting deyishdi. Biz qo‘ygan baho ham ularniki bilan deyarli bir xil chiqdi. Agar ular imtihon topshirib chiqqandan keyin to‘g‘ri noto‘g‘ri yozganligini kitobni, boshqa materiallarni qarab tekshirib ko‘rganda ham shikoyat yozishmasdi.
    Asosan, savodsiz talabalar yozuvchilikni va shantajni qurol qilib oladilar. Xulosa qilib aytganda bilimi sayoz, adashib kirgan talabalar juda ko‘p. 

    Samarqand davlat universiteti dotsenti Abdulla Quvvatov feysbuk sahifasidan olindi