Samarqand davlat universiteti Muhandislik fizikasi institutida “Tipik o‘lchamli ilg‘or materiallar” I xalqaro konferensiyasi (ICLODAM-24) bo’lib o’tmoqda…
Nufuzli anjumanni Samarqand davlat universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo’yicha prorektori Hakim Xushvaqtov kirish so’zi bilan ochib, konferensiya ishiga muvaffaqiyat tiladi.
Tadbirda AQSH, Janubiy Koreya, Germaniya, Turkiya kabi davlatlardan 10 dan ortiq soha vakillari hamda Respublikamizning 40 ga yaqin olimlari ma’ruzalari bilan ishtirok etmoqda.
AQSH ning Dallasdagi Texas universiteti Nanotexnologiya instituti direktori oʻrinbosari, ITMO universiteti gibrid nano fotonika hamda optoelektronika laboratoriyasi mudiri, Samarqand “Kvant” markazi ilmiy rahbari, O’zbekiston Respublikasi fan arbobi Anvar Zohidov onlayn ma’ruzasi bilan qatnashdi.
Anjumanni o’tkazishdan maqsad Samarqand “Kvant” markazida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlarni yanada rivojlantirish, yetakchi xorijiy ilmiy markazlar bilan hamkorlik qilishdir. Shuningdek, SamDU Muhandislik fizikasi institutida perovskitlar va ularga turdosh boʼlgan materiallarni sintez qilishni amalga oshiruvchi laboratoriyada ilmiy tadqiqot ishlarini kuchaytirish hamda ularni jahon materialshunoslik bozoriga yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qilish ko’zda tutilgan.
Konferensiyada Janubiy Koreyaning Sejong universiteti professori, Grafen tadqiqot instituti hamda GRI-TPC xalqaro tadqiqot markazi (GRDC) direktori, Koreya fiziklar jamiyatining (KPS) prezidenti Suklyun Hong; Sejong universiteti professorlari Jonghwa Eom va Keun Soo Kim; Gwangju fan va texnologiya instituti professori Keun-Young Kim; Ewha Womans universiteti professori Sang Wook Lee, Chungbuk Milliy universiteti professori Sang Hoon Kim; Koreya sanoat texnologiyalari instituti professori Bum Sung Kim; Koreya asosiy fanlar instituti professori Jae-sik Yoon; Germaniyaning Drezden texnika universiteti professori Ralph Heger hamda Turkiyaning Izmir texnologiya instituti professori Serdar Özçelik va respublikamizdan yetakchi olimlar maʼruzalarini bilan ishtirok etdi.
Suklyun Hong, Koreya fiziklar jamiyatining (KPS) prezidenti:
- Bugungi anjuman Koreya fizika jamiyati va Oʻzbekiston fiziklar kengashi oʻrtasidagi memorandum asosida bo‘lib o‘tmoqda. Ushbu memorandum o‘tgan yili O‘zbekiston Fiziklar kengashi raisi, akademik Qodir G‘ulomov bilan imzolangan edi. Anjumanning asosiy maqsadi dunyo fizika ilmining muhim va dolzarb masalalarini ko'rib chiqish, bu boradagi tadqiqotlar haqida fikr almashish hisoblanadi. Biroq shunday bo‘lsa ham anjuman kun tartibiga qo‘yilgan masalalar muhandislik fizikasi, amaliy fizika va fanning boshqa bo'limlarini ham qamrab oladi. O'ylaymanki, mazkur anjuman ikki mamlakat ilm-fan jamiyatlari va boshqa tegishli tadqiqotlar bilan shug'ullanuvchi ko'plab kengashlar o'rtasida hamkorlikni mustahkamlashga yordam beradi. Shuningdek, biz Koreya va O‘zbekiston fiziklar jamiyatlarining rivojlanishiga ko‘maklashish maqsadida kelgusida hamkorlik va almashinuv dasturini davom ettirmoqchimiz. Bu munosabatlar kelgusi yillarda ham ikki mamlakat olimlarini birlashtirib bir-birini qo‘llab-quvvatlagan holda fanning yangi cho‘qqilarni zabt etishga yordam beradi, deb umid qilaman.
Serdar Özçelik, Turkiyaning Izmir texnologiya universiteti professori:
- Ota yurtimizda o’tkazilayotgan konferensiyada ishtirok etayotganligimdan xursandman. Mazkur tadbirga professor Anvar Zohidov taklifiga binoan keldim. Men ham fizik ham kimyogarman. Tadqiqot ishlarim kvant nuqtalari, xossalari ularning sintezlashuvi bilan bog'liq. Anjuman yuqori saviyada o'tmoqda. Tadbir ishtirokchilari bilan birgalikda ilmiy ishlar olib borishni rejalashtirdik… Samarqanddagi “Kvant” markazi bilan hamkorlikda ish olib borishga doim tayyormiz. Konferensiyadan avval Samarqand davlat universiteti professor-o’qituvchilari, tadqiqotchi va talabalariga “Karbon nuqtalarning (kvant nuqtalar) biotibbiyotda tadqiqi” mavzusida ma’ruza qildim. Ular ma’ruzamga qiziqish bildirganidan minnatdorman.
Ralph Heger, Germaniyaning Drezden texnika universiteti professori:
- Germaniyadan O‘zbekistonga SamDU dagi xalqaro konferensiyada ishtirok etish va Parkent tumanidagi katta quyosh pechini ta'mirlash uchun keldim. Qolaversa, o‘zbekistonlik olimlar bilan kelgusida kimyo sanoati uchun metall eritish bo'yicha quyosh issiqlik energiyasi stansiyalari qurish rejalari ustida ham ishlamoqdaman. O‘zbekiston o‘z hududidagi mavjud quyosh resurslari orqali iqtisodiy sanoatlashish bo‘yicha ulkan salohiyatga ega. Joriy yilning yoz oylarida Samarqand va Navoiy viloyatlarida bunday inshootlarni barpo etish rejalashtirilmoqda.
Zavqiddin Mirtoshev, SamDU Muhandislik fizikasi instituti dotsenti:
- Hozirgi vaqtda materiallarning eng istiqbolli sohalariga nanomateriallar, fotonik kristallar va boshqalar kiradi, - deydi - Bu birikmalar orasida perovskitlar alohida oʼrin tutadi. Ushbu turdagi strukturalar tarkibidagi birikmalarning xilma-xilligi bilan ajralib turadi. Ularning kristall tuzilishi davriy tizimning deyarli barcha elementlarini oʼz ichiga olishi mumkin. Ushbu xilma-xillik tufayli perovskitlar amalda keng koʼlamli foydalanish xususiyatlariga ega. Hozirgi vaqtda perovskit asosidagi quyosh elementlari tannarxining arzonligi, texnologiyaning murakkab emasligi va samaradorligining yuqoriligi bilan ajralib turadi. Perovskitlarning kimyoviy tarkibining xilma-xilligi tufayli ularni xususiyatlarini maqsadli ravishda oʼzgartirish mumkin. Bu esa ularning amalda qoʼllanish sohasini kengaytiradi. Xususan, perovskitlar asosida kvant kompyuterlari uchun kubitlar olish texnologiyasini yaratish imkoniyati mavjud. Ushbu simpoziumda taqdim etilgan maʼruzalar kvant algoritmlari va Q-aloqalar, energiya tizimlari va texnologik jarayonlarni kvant algoritmlari bilan optimallashtirish, kvant materiallari va Q-nanostrukturalar, nanokarbonlar va biologik tizimlarni kvant sezgisi kabi muammolar va istiqbollarga qaratilgan…
Behruz SHAMSIDDINOV
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati xodimi,
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar.