Samarqand davlat universiteti: “Turk dunyosi matematiklari jamiyati” (TWMS) boshqaruv kengashi a’zolari ko‘chma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi...
Samarqand davlat universiteti rektori, O‘zbekiston Respublikasi fan arbobi, Oliy Majlis Senati a’zosi Rustam Xolmurodov “Turk dunyosi matematiklari jamiyati” (TWMS) boshqaruv kengashi a’zolari ko‘chma yig‘ilishi ishtirokchilarini muborakbod etdi.
Turk dunyosi matematiklari jamiyati Prezidenti Bakitjan Tursinovich Jumag‘ulov boshchiligida O‘zbekiston, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bo‘yicha jamiyat vise-Prezidentlari va Turkiy dunyoning turli davlatlaridan tashrif buyurgan mehmonlar samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirishdi.
Matematika insoniyat taraqqiyoti tarixida alohida o‘rin tutadigan fandir. Uning yutuqlari iqtisodiyot, ilg‘or texnologiya va boshqa sohalarda keng qo‘llanilmoqda. SamDU da o‘tkazilgan yig‘ilishdan maqsad Turkiy dunyoda zamonaviy matematikaning asosiy yo‘nalishlari va uning qo‘llanilishining bugungi holati va rivojlanish istiqbollarini muhokama qilishdan iborat
Ko‘chma yig‘ilish davomida ana shunday muhim masalalar haqida atroflicha fikr almashilib, global miqyosda fan va ta’lim integratsiyasini mustahkamlashga xizmat qiladigan yangi tashabbus va amaliy takliflar ishlab chiqildi. Xalqaro aloqalarni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.
Samarqand davlat universiteti
Axborot xizmati.
Shavkat AKRAMOV olgan suratlar